Xitoy do'q-po'pisalari Tayvanda Pekinga nisbatan ishonchsizlikka sababmi?

  • Amerika Ovozi

Xitoy armiyasi Tayvan atrofidagi harbiy mashg’ulotlar 7-avgustda to’xtaydi deyishiga qaramay, amaliyot davom etmoqda. Ba’zi kuzatuvchilar mashqlarni Tayvanni ishg’ol qilishga tayyorgarlik deb aytmoqda. Tayvan aholisi Pekin do’q-po’pisalariga ko’nikib ketgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-avgust, 2022-yil

“Xitoyning hozirgi ishi to’g’ri emas. Xitoyga nisbatan munosabatimni yaxshilashga yordam bermaydi”, - deydi ulardan biri.

“Xitoy hamma narsani o’z nazoratiga olmoqchi. Odamlarni, turmush tarzimizni. Ammo Tayvanda o’zimizga yarasha huquqlarimiz bor, turmush tarzimizni nazorat qiluvchi o’z hukumatimiz bor”, - deydi yana bir taybeylik.

“Bizni o’zlariga qo’shib olgandan keyin qayta tarbiyalashmoqchi emish. Juda ham tanish gaplar”, - deydi uning hamshahri.

Gonkongda boshida bo’lgani kabi Xitoy Tayvanga “bir mamlakat, ikkita tizim” siyosatini taklif etmoqchi, biroq Xitoy xavfsizlik kuchlarining Gonkongdagi faollarni ta’qib qilishi bunday yondashuvni yo’qqa chiqardi.

“Gonkong ham hozir Xitoyga o’xshab qolgan. Xitoy va’dalarini unutdi. Shundan keyin unga ishonib bo’ladimi?”, – deydi Taybeydagi Milliy mudofaa va xavfsizlik tadqiqoti institutidan U Si Fu.

Hozircha Tayvanda hayot o’z maromida davom etmoqda. Xitoy o’tkazayotgan harbiy mashqlar unchalik uzoqda bo’lmasa-da.

“Pekin o’z noroziligini, g’azabini mana shunday mashg’ulotlar yordamida bildirishini tushunamiz. Ochig’i, bu aloqaning o’ta zo’ravon usuli. Bu Tayvan xalqida Xitoy hukumatiga nisbatan salbiy munosabatni yanada kuchaytiradi”, - deydi Tayvanda hukmron Demokratik progressiv partiya a’zosi Ven Li.

“Amerika Ovozi”ning Taybeydan xabar berayotgan muxbiri Uilyam Galloning aytishicha, Tayvanda hozir Xitoy bilan birlashishga qarshi odamlar ham, mustaqillik e’lon qilishga qarshilar ham ko’pchilikni tashkil etadi. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aholining aksariyati hozirgi sharoitidan mamnun va uning o’zgarishini istamaydi.

Bugun Tayvan ham janubdagi Pintun rayonida vertolyot va dron ishtirokida harbiy mashqlar o’tkazgan. Bungacha artilleriyadan dengizga snaryadlar otilgan edi. Payshanba kuni ham mashg’ulotlar kutilmoqda.

Bugun Taybdeydagi matbuot anjumanida so’zlagan Tayvan Tashqi ishlar vaziri Jozef Vu Tayvan Xitoy mashg’ulotlaridan qo’rqmasligini aytdi.

“Xitoy bu bilan Tayvanni bosib olishga tayyorlanyapti. Keng ko’lamli harbiy mashqlar o’tkazishyapti, raketalar otishyapti, kiberhujumlarni, soxta xabar yoyish kampaniyasini, iqtisodiy do’q-po’pisalarni ko’ryapmiz. Bu bilan ular ruhimizni tushirishmoqchi”, - deydi rasmiy.

Uning nazarida, Pelosining orolga tashrifini Xitoy hujum uchun bahona sifatida ko’rmoqda. Biroq Pentagon rasmiylaridan birining kecha aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoy Tayvanni kelasi ikki yilda bosib olishiga ishonmaydi.