Xitoy Katta Yigirmalikni Tolibon boshqaruvidagi Afg'onistonni moliyaviy jazolamaslikka chaqirmoqda. Aks holda, Pekinga ko'ra, afg'on xalqi tirikchiligi jar yoqasida qoladi.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang I BMT yillik sessiyasi doirasida dunyoning 20 yirik davlati bosh diplomatlari bilan gaplashar ekan, Afg'onistonni iqtisodiy ezmaslikka, qashshoq mamlakatga yordam berishga undadi.
“Afg'onistonga nisbatan cheklovlarni olib tashlang", - deydi Vang I.
AQSh Afg'oniston markaziy bankining 7 milliard dollarini muzlatgan. Xalqaro Valyuta Fondi esa bu davlatga moliyaviy yordam uzatishni to'xtatgan.
“Afg'onistonning chet eldagi mablag'lari va boyliklari bu xalqniki va uni qanday ishlatishni uning o'zi hal qilsin. Bu moliyani uni jazolash, unga nisbatan bosim sifatida qo'llamang", - deydi Xitoy bosh diplomati Nyu-Yorkdagi anjumanda.
AQSh talabi shuki, Tolibon hukumati barcha siyosiy taraflarning vakillarini o'z ichiga olishi lozim. Inson huquqlari hurmat qilinsin, ekstremist siyosat olib borilmasin, deya shart qo'ymoqda Vashington. Shungadina Bayden ma'muriyati Tolibon bilan bevosita diplomatik aloqa qilishi mumkin. Amerika BMT doirasida gumanitar yordam bermoqchi.
Xitoy Afg'onistonni rivojlantirish, qashshoqlikni bartaraf etish va infratuzilmani tiklash uchun ko'mak ko'rsatishga chaqirmoqda.
Pekin Afg'onistonga 31 million dollarga teng gumanitar yordam berishga qaror qilgan. Shuningdek, Xitoy koronavirusga qarshi vaksina ham uzatadi.
Pekin umid shuki, deydi Vang I, Tolibon hukumat astalik bilan fuqaro erkinligini e'zozlaydigan, jumladan xotin-qizlar, bolalar va ozchilikdagi elatlarni azoblamaydigan tizimga aylanadi.
Tolibon terroristlar bilan hamkorlik mutlaq to'xtagani va mamlakat yangi asrda yashayotgani isbotlanishi kerak, deydi I.
Kobuldagi yangi rahbarlarga ko'ra, boshqaruvda hozir barcha elatlarning vakillari ishlayapti. Ammo ayollar yo'q. Bu esa Tolibon xotin-qizlarni kamsitish siyosatidan voz kechmagan degan xulosani asoslamoqda.
Vazirlar orasida xalqaro qora ro'yxatlarda terrorchi va jinoyatchi sifatida turgan shaxslar borligi ham Tolibonga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari nazarida Tolibon hamon ekstremist to'da va terrorchilar bilan yakdil.
Pokistonga ko'ra esa Tolibon ancha o'zgargan va tinchlik tomon qadam tashlamoqda. Xalqaro hamjamiyat u bilan muloqot qilmasligi faqat zarar keltiradi, deydi Islomobod rasmiylari.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligidan Asim Iftixor deydiki, "maqsad Afg'onistonda barqarorlikka erishish bo'lsa, murosa tomon qadam tashlash zarur".
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti Afg'onistonda xalq salomatligi qil ustida deya ogohlantirmoqda. G'arbning chiqib ketishi mamlakat bo'ylab kasalxonalarda vaziyatni og'irlashtirgan, dori-darmon ta'minoti uzilgan.