Amerika mudofaasi Xitoyda ishlangan qalbaki elektron mahsulotga to’la

  • Amerika Ovozi

Senatorlar Karl Levin va Jon Makkeyn tez orada Xitoyga tergovchi-mutaxassis jo’natishni rejalagan

Xitoyda ishlangan qalbaki elektron mahsulotlar AQSh mudofaa tizimiga chuqur kirib borgan ekan, bunga chek qo’yishda rasmiy Pekindan yordam so’ralmoqda. AQShda ayrim senatorlar nazarida Xitoy atayin o’zini olib qochmoqda.

AQSh Senati Qurolli kuchlari qo’mitasi raisi Karl Levinning aytishicha, Amerika harbiy havo kuchlari uchun xarid qilingan kompyuterlar, raketa tizimi uchun zarur mikrochiplar orasida Xitoyda ishlangan qalbaki mahsulotlar bor.

Muammoni izchil tergov qilib, soxta moldan tezda qutulish kerak, deydi senator.

“Qalbaki elektronika davlatimiz xavfsizligiga tahdid. Qurol-aslahamizga bo’lgan ishonchni yemiradi bular”, - deydi Levin.

Amerika mudofaa sistemasi yasama mahsulotga to’la ekani haqida o’tgan yili hisobot e’lon qilingan edi. AQSh Senati va Tijorat vazirligi o’tkazgan tergov xulosasiga ko’ra, bu elektronika Xitoyning Guangdong viloyatidan kelmoqda.

Senatorlar Karl Levin va Jon Makkeyn tez orada mazkur viloyatga mutaxassis jo’natishni rejalagan.

“Biroq qancha urinmaylik, Xitoy tomoni viza berishga shoshmayapti. Ularning sharti shuki, AQSh delegatsiyasiga xitoylik rasmiylar hamroh bo’lishi kerak. Bunaqada xolis tergov o’tkazish mumkin emas”, - deydi senator.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi bu masalada izoh bermay keladi.

Senator Jon Makkeyn Xitoyning harakatlari har ikki davlat uchun zarar, deydi.

“Qo’shma Shtatlar va Xitoy dushman emas. Manfaatlarimiz bir. Qalbaki molni topib, yo’q qilish Xitoy uchun ham zarur, chunki bu davlat kompaniyalarining obro’si haqida gap ketmoqda”, - deydi Makkeyn.