AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi Liviyada maxsus operatsiyalar olib bormoqda

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi Liviyada maxsus operatsiyalar olib bormoqda

Amerika razvedkachilari Liviyada ekanini rasmiylar tasdiqlaydi, ammo boshqarma bu haqda ortiqcha ma’lumot bermaydi. Obama ma’muriyati Liviya muxolifatiga qurol uzatish haqida hali ham o’ylanmoqda.

Ayni damda Afrikaning eng qaynoq nuqtasi - Liviyaga josuslar safarbar etilganining hecham ajablanarli joyi yo’q.

“Stratfor” strategik tahlil markazi eksperti Reva Ballaning aytishicha, razvedka ma’lumotlari to’plash ularning birlamchi vazifasi.

“Harbiy harakatlar ketayotgan joyda odamlaringiz bo’lishi shart. Havodan nishonga olinayotgan ob’yektlarni tanlash uchun. Liviya muxolifati haqida o’rganish uchun. Xalqaro hamjamiyatdan yordam olayotgan bu guruh safida mamlakatni birlashtira oladigan yetakchilar bor yoki yo’qligini bilishimiz kerak”, - deydi tahlilchi.

AQSh va Britaniya rezvedkachilari hamda maxsus kuchlari Muammar Qaddafiyga qarshi qurol ko’targan isyonchilar bilan aloqada va ularga yo’l-yo’riq ko’rsatmoqda.

Shuni bilamizki, bu guruhlarga harbiy intizom, malaka va qurol yetishmaydi. Jang maydonidagi yutuqlari shuning uchun ham qisqa muddatli.

Ularga qanday ko’mak yetkazish xususida G’arb davlatlari bir to’xtamga kelganicha yo’q. Qo’liga qurol tutqazish o’ta munozarali masala bo’lib qolmoqda.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq xodimi Emil Naxla nazarida, Liviya oppozitsiyasiga ikki sohada ko’mak ko’rsatilishi turgan gap: kommunikatsiya vositalari, masalan ratsiya va raqamli telefonlar yetkazish hamda harbiy taktikadan saboq berish.

“Isyonchilar qo’lida jang maydonidan yig’ib olingan og’ir qurol va raketalar bor, ammo foydalanishni bilishmaydi”, - deydi sobiq razvedkachi.

Biroq Muammar Qaddafiyning armiyasini yengish uchun buning o’zi yetarli emas. Oppozitsiya ilg’or qurollarsiz olg’a yura olmaydi, deydi tahlilchilar.

1980-yillarda sovetlar Afg’onistonni bosib olganida mujohidlarga aynan shunday ko’mak yetkazilgan. Mazkur qaror keyinchalik qanday oqibatlarga olib kelgani hammaga ma’lum.

Aks natijani bergan maxfiy amaliyotlar tarixda juda ko’p bo’lgan, deydi tadqiqotchi Reva Balla.

“Qaddafiyga qarshi kurashayotgan hukumatlarni ehtiyot bo’lishga undayotgan narsa ham shu. Liviyadagi isyonchilar haqida ko’p bilmaymiz, safida radikal odamlar bo’lishi mumkin. Ularga qurol tutqazsangiz, oxiri nima bilan tugaydi?”

G’arb razvedkasi Liviyada aynan nima bilan mashg’ul ekani sirligicha qolishi mumkin. Suhbatdoshlar deydiki, yirik operatsiyalarni odatda maxfiy saqlash ham mushkul.