Saylov-2016: Nomzodlar iqlim muammolariga qanday qaraydi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilar: Iqlimdagi o'zgarishlar "cho'pchak"

Barak Obama prezidentligi davrida iqlim o’zgarishiga qarshi qator choralar ko’rildi, davlatlar orasida kelishuvlar imzolandi. Bu choralar kelajagi saylov kampaniyasida keng muhokama qilinyapti.

Demokrat va respublikachilarning iqlim bo’yicha qarashlari bir-biridan keskin farq qiladi.

Yanvar oyida xalqqa murojaatida Prezident Obama 2014-yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil bo’lganini eslatib qo’ydi.

“Global harorat ko’tarilayotganiga hanuz ishonmaydiganlar bor, bilaman”, - deydi prezident.

Oq uy uchun kurashayotgan yetakchi respublikachi nomzodlar ham shular jumlasidan. Jin Karpinski - tabiatparvar siyosatchilarni quvvatlaydigan tashkilot rahbari.

“Reytinglarda oldinda ketayotgan Donald Tramp va Ted Kruz uchun iqlim o’zgarishi - bir cho’pchak”, - deydi u.

Respublikachilar muammo borligini hatto tan olmaydi. Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik fikricha, o’tgan yili Parijda dunyo yetakchilari iqlim konferensiyasiga yig’ilib, vaqtni behuda o’tkazgan.

“Ular “Islomiy davlat” guruhini qanday yakson qilish yo’llarini muhokama qilsa bo’lardi, chunki bu jihodchi guruh hozir hamma yoqqa tarqalyapti”, - deydi Keysik.

Saylovchilar respublikachi da’vogarlarni iqlim haqida savolga ham tutmaydi, chunki bu ular uchun muhim masala emas, deydi Amerika Biznes institutidan Ben Zayker.

“Saylovchilar orasida o’tkazilgan so’rovlarga qarasangiz, tabiat bilan bog’liq mavzular ro’yxatning eng quyida. Ayniqsa, betaraf va respublikachi saylovchilar orasida”.

Respublikachi nomzodlar uchun muhimi - terrorizm va iqtisodiyot.

Oq uyga demokrat da’vogarlar esa iqlim o’zgarishiga ko’proq e’tibor qaratadi. Sobiq tashqi ishlar vaziri Hillari Klinton fikricha, toza energiya manbalarini rivojlantirish kerak.

“Shu orqali atmosfera ifloslanishini kamaytirish mumkin, millionlab odamlarni ish bilan ta’minlaymiz. Ayova shtati, masalan, quvvatning uchdan bir qismini shamoldan oladi. Boshqa shtatlar ham o’rnak olsin”, - deydi Klinton.

Uning raqibi senator Berni Sanders ham shu pozitsiyada. Respublikachilar donorlar chizgan chiziqdan chiqmaydi, deydi u.

“Respublikachilar degan yirik partiyamiz bor. Ular neft va gaz sanoati bilan shunchalik apoq-chapoqki, bu sanoatdan shunchalik ko’p pul oladiki, hatto ilmiy dallilarni tan olishga jasorat qilolmaydi”, - deydi senator.

Atrof-muhit masalalari prezident saylovlari natijasiga qanchalik ta’sir qilishini aytish qiyin.

Jin Karpinski deydiki, “iqlim masalasida ikki partiya bir yoqadan bosh chiqarishi kerak. Lekin, afsuski, respublikachilar o’zini chetga olmoqda”.

Aksar so’rovlarda saylovchilarning hozirgi tashvishi - terrorizm va iqtisod. Ammo iqlimdagi o’zgarishlar ham sekin-asta muhim masalalar qatoridan joy olishi mumkin.