Nauru - Tinch okeanidagi eng kichik orol o’lib, shu haftada u BMT Xavfsizlik Kengashi diqqat markaziga tushdi. Suv sathi ko’tarilar ekan, Nauru xalqaro hamjamiyatdan yordam so’ramoqda.
Bu davlat prezidenti Markus Stiven chorshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari oldida chiqish qilib, Tinch okeanidagi orollar global iliqlashuv oqibatida yer yuzidan yo’q bo’lib ketishi mumkin deya ogohlantirdi.
“Oziq-ovqat va suv ta’minoti hamda xavfsizlik masalalarida muammolar ko’zga tashlanyapti. Suv sathining ko’tarilishi qirg’oq chegaralarini o’zgartitib, dengiz bo’yida joylashgan infratuzilmaga ziyon yetkazyapti. Yerlarning kamayishi mulk masalasini ko’ndalang qo’yadi, bu esa mojarolarga olib kelishi mumkin”,- deydi Stiven.
Nauru prezidenti deydiki, joylarni suv bossa, aholi boshqa yerlarga ko’chishga majbur bo’ladi.
BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun iqlim o’zgarishi, darhaqiqat, barqarorlikka tahdid deydi.
“Tanqis zaxiralar, ayniqsa, suv uchun mamlakatlararo raqobat oshib bormoqda. Ekologik muammolar sabab aholi boshqa yerdan boshpana qidirar ekan, sayyora jo’g’rofiyasi ham o’zgarmoqda. Cho’llar kengayib, o’rmonlar toradi”,- deydi u.
Pan Gi Munning qayd etishicha, BMT a’zolari Kankun va Kopengagenda imzolagan shartnomalarga rioya qilib, iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi chora ko’rishi va qoloq mamlakatlarga moliyaviy yordam berishi lozim.
Ammo BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari orasida bunday da’vatlarga munosabat turlicha. Rossiya va Xitoy nazarida iqlim o’zgarishi masalasi Xavfsizlik Kengashida emas, balki boshqa organlar, masalan BMT Ekologik Dasturi doirasida ko’rib chiqilishi kerak.
AQSh esa ularni uzoqni ko’ra bilmaslik va o’z burchini bajarishdan bosh tortayotganlikda tanqid qilmoqda.