AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, odam immuniteti taqchilligi sindromi - SPID kasalligini yaqin kelajakda batamom yo’q qilish mumkin.
Biroq bu maqsadga erishish uchun AQSh va boshqa davlatlar SPID bilan kurashga ajratilayotgan mablag’ni kamaytirmasligi kerak.
Ammo byudjet kamomadi masalasini hal etishga urinayotgan Kongress aynan shunday yo’l tutishi mumkin.
Klinton bayonoti 21-asr vabosiga qarshi kurashib kelayotgan tashkilotlar olqishiga sazovor bo’lmoqda.
SPIDga qarshi nafaqat mamlakat ichida, balki butun dunyo bo’ylab kurashni AQSh hukumati Jorj Bush prezidentligi davrida boshlagan.
Milliardlab dollar evaziga ilmiy izlanishlar olib borildi, eng muhimi kasallikka chalingan millionlab odamlar hayoti saqlab qolindi.
Dasturni davom ettirish kerak, dedi Klinton Kongressga murojaat qilar ekan.
SPID ustidan g’alabaga faqat AQSh ko’magi bilan erishish mumkin, deydi rasmiy.
“Men amerikaliklarning bir narsani tushunishlarini istardim: Qo’shma Shtatlarning SPIDga qarshi kurashdagi o’rnini hech kim bosa olmaydi. Bu mablag’ biz hammamiz to’layotgan soliqlardan olinadi”,- deydi Kllinton.
Klinton uch chora haqida gapiradi:
Bemor onadan virusning go’dakka yuqishiga dorilar yordamida chek qo’yish; o’g’il bolalarni ihtiyoriy ravishda sunnatlash va kasallikka chalinganlarga nisbatan aksil-retrovirus muolajasini qo’llash.
Davlat kotibasi SPIDga qarshi kursh uchun AQSh yana 60 million dollar ajratganini ma’lum qildi va boshqa davlatlarni ham mablag’ ajratishga chaqirdi.
AVAC, SPID vaksinasi bo’yicha targ’ibot uyushmasi deb nomlangan nodavlat tashkiloti rahbari Mitchel Uorren Xillari Klinton bayonotini olqishladi:
”SPID tarqala boshlanganidan buyon uni yo’q qilish insoniyat orzusi bo’lib kelgan. So’nggi 1,5 yil ichida ilm-fan shu qadar ilgariladiki, bu orzu emas, balki erishib bo’ladigan maqsadga aylandi”,- deydi u.
Olimlar kasallikka qarshi shifo topish mumkinligini tasdiqlashgan. SPID kasalligiga turtki bo’ladigan VICh infeksiyasini to’xtatuvchi dori ishlab chiqarila boshlandi.
“Tarixda birinchi marta bu masala davlat siyosatiga aylandi”,- deydi Uorren.
VICh/SPIDning birinchi qurboni bundan 30 yil avval qayd etilgan edi. O’shandan buyon kasallik millionlab odam hayotiga zomin bo’ldi. Bugungi kunda SPIDga chalinganlar soni 30 million odamga yetgan. Ularning aksariyati - afrikaliklar.