G'azoda vaziyat og'ir, sulhdan darak yo'q

  • Amerika Ovozi

G'azo osmoni, 20-noyabr, 2012

Xamas rasmiylarining aytishicha, Misr hukumati vositachiligida sulh tuzilishi mumkin, ammo shartlar ustida kelishilmagan.

Arab axborot vositalari sal avval "sulh tuzildi" deya axborot tarqatgan edi. Isroil hukumati uni inkor etdi.

Bu borada gapirishga hozircha erta, deydi Mark Regev, bu davlat so'zlovchisi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muzokara olib borgan.

Uning qayd etishicha, Amerika butun mintaqa tinch va osoyishta yashashini xohlaydi, jumladan yahudiy davlati ham.

Vashington Xamasni terrorchi guruh deb biladi va Isroil singari u bilan aloqa qilmaydi.

Chorshanba kuni Klinton Ramallohda Falastin rahbariyati bilan ham muloqot qiladi.

"G'azo sektoridagi qonli olishuvda begunoh insonlar qoni to'kilayotganidan norozimiz va ularning yaqinlariga hamdardmiz", - deydi diplomat.

"Falastinlik yoki isroillik, har bir fuqaro hayoti xavf ostida ekanidan xavotirdamiz", - deydi Klinton.

Netanyaxu Xamasni maktab va masjidlarga portlovchi moddalar yashirib, oddiy odamlar hayotini xavf ostiga qo'yayotganlikda ayblaydi.

G'azo aholi zich joylashgan hudud. 365 kvadrat kilometrlik maydonda 1,7 millionga yaqin odam yashaydi.

"Isroil muzokara va murosa tarafdori, ammo terrorchilar raketa xurujlarini bas qilmas ekan, biz xalqimizni himoya qilishga majburmiz",- deydi Netanyaxu.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroil rahbariyati bilan uchrashib, olishuvni to'xtatishga chaqirdi. Aks holda, deydi u, vaziyat butkul izdan chiqadi.

Misr prezidenti Muhammad Mursiy fikricha, Isroil - agressor. Hujumlar darhol to'xtashi kerak, deydi u.

Prezident Barak Obama seshanba kuni Mursiy bilan telefonda gaplashib, bu davlatning vositachilik harakatlarini yuqori baholagan va butun mintaqa barqarorligi haqida o'ylashgan undagan.

Arab Ligasi raisi Nabil al-Arabiy boshliq delegatsiya G'azo sektoriga borib, Xamas yetakchilari bilan gaplashgan.

Isroil Xamasga tegishli muhim obyektlarni nishonga olayotganini aytsa, Xamas yahudiy davlat tomon raketalar otayotganini asosli deb biladi.

"Amerika Ovozi" muxbirining xabar berishicha, olishuv bir oz tingan, ammo har ikki tomonda aholi doimiy qo'rquv ichida yashamoqda.

Isroil G'azo ustidan arab tilida ogohlantiruv xatlari yog'dirgan. Ularda aholidan uy-joyini tashlab, sektor markazi tomon evakuatsiya qilish tavsiya qilinadi.

Havo hujumlari 14-noyabrda boshlangan edi. Shundan beri 114 dan ortiq falastinlik va uch isroillik halok bo'lgan. Yahudiy davlat Xamas otayotgan raketalarni bartaraf etishga qodir texnologiyadan foydalanmoqda. Ushbu vosita bilan uni Amerika ta'minlagan.

Isroil G'azoni nishonga olishda davom etmoqda