Respublikachilar va demokratlar byudjet yuzasidan kelisha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Respublikachilar va demokratlar byudjet yuzasidan kelisha oladimi?

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Kongressdagi respublikachilarga murojaat qilib, ish joylarini ko’paytirish haqidagi qonun loyihasini ma’qullashni so’ramoqda. Aks holda Oq Uyning o’zi tegishli qarorlar qabul qilishga tayyor. Qonuin prezidentga maxsus farmonlar chiqarish vakolatini beradi. Ayni paytda Kongress federal byudjetdagi kamomad masalasini hal etishi kerak. So’nggi muddat – 23-noyabr.

Kongress zarur qarorlar qabul qilishdan bosh tortmoqda, deydi prezident Barak Obama

“Hoziroq chora ko’rishimiz shart. Ish joylari yaratish – eng ustuvor masala”,- deydi Bayden.

Prezident Obama ko’rgan maxsus choralar natijasida talabalarning bankdan kredit olish va uni to’lash jarayoni osonlashtirilgan, urush faxriylariga ish topish imkoniyatlari kengaytirilgan, uy egalariga esa ipoteka bobida ko’mak ajratilmoqda, deydi vitse-prezident.

Oktabr oyida mamlakat bo’ylab ishsizlik darajasi sal pasayib, ayni damda 9 foizni tashkil etmoqda.

Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar esa Obamaning biror taklifini yoqlayotgani yo’q. Oq Uy uzatgan iqtisodiy dasturni boshdan oyoq qayta ko’rib chiqish kerak, deydi ular.

Federal byudjetdagi kamomad yuzasidan ham muhokama davom etmoqda. O’tgan oyda tuzilgan super-qo’mita uni 1,2 trillion dollarga pasaytirishi ko’zda tutadi.

Respublikachi kongressmen Pol Rayan (chapdan) Senatdagi partiyadoshi Jeff Seshins bilan. Rayan Vakillar Palatasida Byudjet bo'yicha qo'mita raisi.

Obama ma’muriyati badavlat amerikaliklarga ko’proq soliq solish kerak, deydi. Respublikachilar qarshi.

Demokratlar esa kambag’al va keksa fuqarolarga ajratiladigan ijtimoiy yordamni qirqmoqchi emas.

Har ikki partiya vakillari fikricha murosa qilmay iloj yo’q.

Kongress a’zosi Mayk Simpson soliqlarni oshirish kerak deb chiqayotgan oz sonli respublikachilardan.

”Hozirgi vaziyat shuni taqozo etadi. Kamomad masalasini hal qilish uchun soliqlarni oshirmay bo’lmaydi”,- deydi Simpson.

Vakillar Palatasida demokratlar sardori Nendi Pelosi spiker, respublikachi Jon Beyner bilan

Simpson yetakchiligida 100 dan ortiq respublikachi va demokratdan tashkil topgan guruh soliqlarni oshirish va xarajatlarni kamaytirish taklifini ilgari surmoqda.

Taklifga qo’shilganlardan biri – demokrat kongressmen Xis Shuler.

Kam daromadli oilalarga yordamni davom ettirish uchun mablag’ kerak.

Buning uchun esa byudjetdagi muammolarni hal etish kerak.

Bu yilgi federal byudjet kamomadi 1,3 trillion dollarga teng. Bu esa davlat qarzi oshayotganini anglatadi. Bugungi kunda AQShda qarz va yalpi ichki mahsulot hajmi deyarli teng – 15 trillion dollar.