Kongressmen Berton: Markaziy Osiyoga nisbatan loqaydlik AQSh uchun katta xato bo'ladi

Kongressmen Den Berton "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Yaqinda O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’istonda bo’lib qaytgan respublikachi kongressmen Den Berton (Dan Burton) fikricha, Markaziy Osiyoga nisbatan amaldagi siyosat samara bermoqda, lekin hamkorlikni muvozanatlash kerak. Ya’ni, deydi u, sheriklik asosan Afg’onistonga bog’lanib qolmasligi, boshqa sohalar, jumladan iqtisod va sarmoya, huquq va demokratiya targ’iboti, ta’lim va madaniy aloqalarga ham e’tiborni oshirish kerak.

Amerika Ovozi: Amerika Afg’oniston deb Markaziy Osiyoning avtoritar rahbarlari, diktatorlik tuzumlari bilan apoq-chapoq, oddiy xalq dardi Vashingtonga bir tiyin degan tanqidga nima deysiz?

Kongressmen Berton: “Albatta dunyoning istagan nuqtasida muammo bor. Markaziy Osiyo bag’oyat muhim mintaqa. Qozog’iston, O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston prezidentlari bilan uchrashgach, shunga iymonim komil bo’ldiki, Markaziy Osiyoga nisbatan faol siyosat yuritishdan manfaatdormiz. Birinchidan, bu mintaqa tezlikda o’sayapti va nazarimda, taraqqiy ham etayapti. Bunga safarim davomida guvoh bo’ldim. Ko’p narsani o’rgandik. Kongress delegatsiyasini juda iliq kutib olishdi. Amerika biznes va sanoatlari uchun imkoniyatlar katta. Bilaman, uzoq yillardan beri hokimiyat o’zgarmagan, liderlar anchadan beri o’tiribdi. Lekin ular biz bilan ochiq muloqot qilishdi. Bu tuzumlar, hukumat strukturasi bizga ma’qul bo’lmasligi mumkin, lekin ular biz bilan ishlamoqchi bo’lsa, bizning kompaniyalarimiz sarmoya kiritishini istasa, ular bilan hamkorlik qilishimiz kerak. Bu bilan mintaqada ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga, oshkoralik sari, demokratik taraqqiyot va inson huquqlari e’zozlanishiga o’z hissamizni qo’shamiz.

Amerika Ovozi: Siz “muvozanatli aloqa” deb bong urayapsiz, lekin bunga qanday erishish mumkin? Hozirgi sheriklik ko’proq Afg’oniston bilan bog’liqligi sir emas.

Kongressmen Berton: “Afg’oniston butun mintaqa uchun katta muammo. Afg’oniston Tolibon yoki al-Qoida qo’liga o’tsa va Pokistonda ham vaziyat shunga yaqinlashsa, butun mintaqa tahdid ostida qoladi. Shu sabab biz, Amerika, barqarorlikni saqlashga harakat qilishimiz, bu borada hukumatlar bilan ishlashimiz kerak. Afg’onistondagi muammolar hammaga ayon. Qo’shni mintaqada Qozog’iston va O’zbekiston singari davlatlar kelajakdan xavotirda. Shu bois AQSh hamkorlikni kengaytirishi zarur, xoh biznes, xoh harbiy sohada bo’lsin”.

Amerika Ovozi: Markaziy Osiyoning to’rt davlatiga borganingizda, asosan, rahbarlar va qonunchilar bilan uchrashdingiz. Fuqaro jamiyati a’zolari va faollar, nohukumat tashkilotlarning vakillari bilan nima uchun muloqot qilmadingiz?

Markaziy Osiyodagi rolimizni oshirish kerak, deydi AQSh kongressmeni

Kongressmen Berton: “Biz imkon qadar bu mamlakatlar bilan yaqindan tanishishga harakat qildik. Yetakchi biznesmenlar, siyosiy rahbarlar va parlamentlarning a’zolari bilan uchrashdik. Vaqtga qarab, jamoatchi faollar bilan ham ko’rishdik. Afsuski, vaqt juda oz edi. 8-9 kun ichida 6 davlatda (Markaziy Osiyoda to’rt va Yevropada ikki) bo’ldik. Juda ko’p odamlar bilan muloqot qilishni xohlar edik, ammo fursat yetmadi”.

Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan bino (Suratni kattalashtirish mumkin)

Amerika Ovozi: Amerika erkinlik elchisi bo’lib qolishi kerak deyapsiz. Kongress, xususan, siz a’zo qo’mita, siz rais quyi qo’mita mintaqada inson huquqlari va demokratiya targ’ibotini oshirish uchun nima qilmoqda?

Kongressmen Berton: “Biz bu mamlakatlar bilan yaqindan muloqot qilishimiz, hamkorlikni kengaytirishimiz va ular bilan huquq va erkinlik, demokratiya xususida ko’proq gaplashishimiz zarur. Rahbarlar bilan fikr almashib, bir-birimizni yaxshiroq bila boshlasak, bora-bora bu ijobiy natija beradi. Bu mintaqaga nisbatan loqaydlik eng katta xato bo’ladi. Bu tezlikda o’sayotgan mintaqa. Xitoy va Rossiya o’z ta’sir kuchini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Qo’shma Shtatlar qo’l qovushtirib o’tirsa, ulkan imkoniyatlarni boy beramiz”.

Amerika Ovozi: Katta rahmat sizga!

Kongressmen Berton:: Arzimaydi, bajonidil.





Your browser doesn’t support HTML5

Kongressmen Berton (Dan Burton): Markaziy Osiyoga nisbatan loqaydlik AQSh uchun katta xato bo'ladi




Watch the interview (original):

Your browser doesn’t support HTML5

Congressman Dan Burton talks to VOA Uzbek