Narx-navo o’sishiga sababchi omillardan biri muqobil energiya

Narx-navo o’sishiga sababchi omillardan biri muqobil energiya

Dunyoda oziq-ovqat bahosi eng yuqori nuqtaga yetgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mutaxassislariga ko’ra, arab dunyosida to’polonlar avjida ekan narx-navo pasayishini hali beri kutmasa ham bo’ladi.

Oziq-ovqat va yonilg’i bahosi bir-biriga chambarchas bog’liq. Amerikada makkajo’xori hosilining qariyb yarmi etanol ishlab chiqarishga sarflanadi.

Neft sanoati davlatdan milliardlab dollar subsidiya oladi. Bu imtiyozlarni bekor qilishga chaqirayotganlar ko’p.

Amerikada sotiladigan benzin tarkibida 10 foiz etanol moddasi bor. Etanol deyarli butunlay makkajo’xoridan qilinadi.

Narx-navo o’sishiga sababchi omillardan biri muqobil energiya

Muqobil Yonilg’i uyushmasi prezidenti Bob Dinnin so’zlariga ko’ra, mahalliy energiya manbalari mamlakatning xorijiy neftga tobeligini kamaytirmoqda.

2007-yilda qabul qilingan qonun benzin tarkibiga etanol kabi muqobil yonilg’i turlarini qo’shishni talab qiladi. Evaziga ushbu sanoat hukumatdan 6 milliard dollargacha imtiyoz oladi.

So’nggi yillarda makkajo’xoridan etanol olish keng yo’lga qo’yildi, deydi iqtisodchi Valli Tayner.

Narx-navo o’sishiga sababchi omillardan biri muqobil energiya

“Avval makkajo’xori hosilining atigi 5 foizi ajratilar edi, hozir salkam 40 foizi etanol tayyorlashga ishlatilmoqda”, - deydi u.

Jahon bozorida makkajo’xori narxi 77 foizga oshgan. Asosiy sabab qurg’oqchilik. Natijada dunyoda, xususan Osiyoda oziq-ovqat va uy hayvonlari ozuqasiga talab oshdi.

“Narx-navo o’sishida etanolning ham roli bor”, - deydi Valli Tayner.

ActionAid nodavlat tashkilot vakili Meri Brillning aytishicha, qimmatchilik rivojlanayotgan davlatlarda o’tkir sezilmoqda, chunki odamlar maoshining katta qismini oziq-ovqatga sarflaydi.

“Narxlar bozorda sal ko’tarilsa ham yo’qsil va kam ta’minlangan oilalarga qiyin bo’ladi”, - deydi Brill.

ActionAid etanol sanoati uchun ajratilayotgan subsidiyani bekor qilishni so’rab, AQSh Kongressiga maktub yo’llagan 90 tashkilotdan biri. Orasida oziq-ovqat, go’sht va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bor.

Da’vatni, shuningdek, byudjet kamomadini kamaytirishga chaqirayotgan konservativ faollar va soliq to’lovchilar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ham qo’llab-quvvatlamoqda.

Narx-navo o’sishiga sababchi omillardan biri muqobil energiya

“Bioyonilg’i sanoati soliq to’lovchilar yordamiga muhtoj emas”, - deydi ActionAid tashkiloti vakili.

Muqobil Yonilg’i uyushmasi rahbari Bob Dinnin fikricha esa oziq-ovqat qimmatlashishida etanolni ayblash to’g’ri emas.

“O’rtada bog’liqlik umuman yo’q deb ayta olmayman. Bor, ammo juda kichik. Yonilg’i narxi osmonda, qimmatchilikning asosiy sababi shu”, - deydi u.

Dinninning aytishicha, xom neft bahosi barreliga 100 dollar atrofida ekan, hukumat neft sanoatiga ham subsidiya ajratish ustida o’ylashi lozim.

Mamlakatning energiyaga bo’lgan ehtiyojini qoplashda yordam beruvchi bioyonilg’i sanoati doimo izlanishda. Mukammalroq texnologiyalar ustida ish ketmoqda, deydi mutaxassis.

“Bug’doydan ham etanol olyapmiz hozir. Hamma izlanyapti, boshqa mahsulotlardan yonilg’i olish yo’llarini izlayapmiz”.

Hozircha esa xo’jaligi mahsulotlari bioyonilg’i ishlab chiqarishda asosiy manba bo’lib qolaveradi.

“Neftga tobelikdan qutulish muhim, lekin oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ahamiyatini ham unutmaylik”, - deydi Meri Brill, ActionAid tashkiloti vakili.