Transparency International: Poraxo’rlik tobora keng tarqalmoqda

  • Amerika Ovozi
Korrupsiya hollarini o’rganuvchi xalqaro guruh xulosasiga ko’ra, dunyoda poraxo’rlik, mansabni suiiste’mol qilish va yashirin moliyaviy qallobliklar tobora keng tarqalmoqda. “Transparency International” tashkiloti chop etgan hisobotda O’zbekiston va Turkmaniston eng past baho olgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Korrupsiya ko'lami oshib bormoqda/Nasiba Tohir


“Transparency International” tashkiloti hisobotida davlatlarda poraxo'rlik darajasi 0 dan 100 ballgacha baholanadi. Poraxo’rlar past, xolis mamlakatlar yuqori ball olgan. Bu illatdan eng xoli yurtlar – Daniya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya.

Ro’yxatning eng quyi pog’onasidan o’rin olgan eng yulg’ich davlatlar - Somali, Shimoliy Koreya, Afg’oniston, Sudan, Birma, O’zbekiston va Turkmaniston.

Xalqaro guruh xodimi Xuguett Labell poraxo’rlik ayniqsa yo’qsil oilalarni uradi, deydi.

"Oddiy tibbiy xizmat, toza ichimlik suvi, bularning hammasi uchun pora berish kerak”, - deydi ekspert.

Mutaxassis ayrim rivojlanayotgan davlatlarda muayyan qonunlar qabul qilinayotganidan, hukumat xarajatlarini kuzatish va korrupsiyadan arz qilgan fuqarolarni himoya qilish mexanizmni paydo bo’layotganidan mamnun.

“Transparency International” jadvalida Qo’shma Shtatlar eng xolis davlatlardan 19 pog’ona pastda. Qozog’iston 133, Qirg’iziston 154, Tojikiston 157-o’rinda.

Arab dunyosida xalqlarni bosh ko’tarishga majbur qilgan omillardan biri aynan korrupsiya edi. Natijada Tunis, Misr va Liviyada hukumatlar o’zgardi. Lekin xalqaro guruh xulosasiga qaraganda, qo’zg’olonlar yulg’ichlikka barham bera olmagan.

Amerikalik ekspert Robin Rayt buning ajablanarli yeri yo’q, deydi.

“Yaqin Sharqda kundalik turmushni porasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Demokratik chiqishlar va shiorlar bois butun boshli hayot tarzi bir kecha-kunduzda o’zgarib qolmaydi, axir. Masalan, liviyalik bir fuqaroning aytishicha, avval bitta Muammar Qaddafiy bo’lgan, bugun esa ular 6 million”, - deydi Rayt.

Olim Charlz Kenni korrupsiyaning ko’rinishlari har xil, deydi. Haydovchilik guvohnomasi, ish yoki shartnomani qo’lga kiritish uchun birovning og’zini moylash shular jumlasidan.

Poraxo’rlik zaif hukumatga xos illatlardan va oshkora muhokama orqali undan qutulish mumkin, deydi ekspert.

“Bu uzoq yillik odatlarni, fe’l-atvorni o’zgartirish, degani. Millionlab insonlar haqida gap ketar ekan, jarayon uzoq vaqt talab qilishi muqarrar”, - deydi Kenni.

“Transparency International” guruhi yillik hisobotni mahalliy bizneslar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar uzatgan ma’lumot asosida tayyorlaydi.