Paxta kampaniyasi: O'zbekiston hukumati to'g'ri yo'ldan ketmoqda, ammo...

  • Amerika Ovozi

Andijon dalalarida

Bir necha huquq tashkiloti, biznes va kasaba uyushmalarini birlashtirgan xalqaro harakat - Paxta kampaniyasi (Cotton Campaign) deb nomlangan koalitsiya Toshkent qarorlaridan mamnun. Talabalar va davlat organlarida xodimlarini paxtazorlarda majburan paxta terishdan qaytarilgani ijobiy hol, deya tan oladi alyans, biroq bu bilan muammo hal etilganicha yo'q. Paxta termagani uchun pul to'layotganlar ko'p, shuningdek, o'zi xohlamagan tarzda mehnatga jalb etilayotganlar talay.

21-sentabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatda hech kim zo'rlab paxta dalasiga olib chiqilmaydi, deya bayonot berdi. Talabalar universitetga, tibbiy xodimlar esa ishga qayta boshladi.

Inson huquqlari uchun O'zbek-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova, Paxta kampaniyasi ortidagi yetakchi faollardan biri, nazarida bu ahamiyatga molik o'zgarishdir. Siyosiy iroda bo'lsa, majbiriy mehnat muammosiga barham berish mumkin, deydi u.

Endi esa, deya qo'shadi Niyozova, dalada o'zi xohlamagan ravishda yurgan boshqa mehnatkashlarni ham qaytarish lozim va hech kim paxta termagani uchun kimgadir haq to'lashi kerak emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabrda BMT minbarida so'zlaganida bu muammoni ochiq tan olib, uni hal etish yo'lida ildam qadam tashlayotganini da'vo qildi. Jahon banki va boshqa xalqaro organlar ham O'zbekiston hukumatini qishloq xo'jaligini, xususan paxta sanoatini isloh qilishga, qo'l mehnati va majburiy mehnatdan butkul voz kechishga undab keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev

Paxta kampaniyasi bir necha yildan beri olib borayotgani targ'iboti samara berib, respublikada bolalar mehnati va majburiy mehnat qonunan man etilganidan xursand. Koalitsiya O'zbekistonda islohotlar jadallashadi va oqsamaydi, degan umidda.

Turli sanoat va savdo tizimlarining namoyondalari ham Prezident Mirziyoyevning bayonotini iliq kutib olib, bu yilgi terim oldingilaridan qanchalik farqli, degan savolni bermoqda. Odamlar ekspluatatsiya qilingani sabab O'zbekiston paxtasi ishlatilgan mahsulotlarga nisbatan taqiq xalqaro maydonda hamon amalda.

Huquq tashkilotlari, jumladan "Human Rights Watch" (HRW) terimni mustaqil holda kuzatishga yo'l berilishi kerak, deya chaqirmoqda. Huquq faollari paxtazorlarni kezib, odamlar bilan gaplasha olishi, keng ko'lamli hisobotlar tayyorlay olishi lozim, deya eslatmoqda HRW. O'zbekistonda o'zgarishlar davri boshlangan bo'lsa, buni isbotlovchi manzara bilan tanishish mumkin bo'lsin.