Yangi infeksiya to'lqini Yevropa iqtisodiyotini tiklash harakatlariga pand bermoqda

  • Amerika Ovozi

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Yevropa yana pandemiya markaziga aylanmoqda. Qit’ada virusga chalinish sur’ati oshmoqda. Bu esa iqtisodiyotlarga tahdid solayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-noyabr, 2021-yil

Bir necha hafta oldin kelajak ancha yorqin ko’rinayotgan edi – yoz mavsumida o’sish AQSh va Xitoynikidan yuqori edi. Biroq COVID-19 qaytib keldi.

Germaniya, Avstriya, Niderlandiya, Bolgariya va Ruminiyada qisman lokdaun joriy etildi.

“Kelajak qanday bo’lishini bilmaymiz. Virus yuqtirish sur’ati yaxshi emas. Ammo qimmatbaho qog’ozlar bozori vaziyat oldingiday bo’lmasligiga ishora qilmoqda. Karantin va lokdaunlar natijasida iqtisodiyot deyarli butunlay to’xtab, yirik miqdorda qarz vujudga kelgan edi. Endi bunday bo’lmaydi, chunki ko’p odam emlangan. Lokdaun joriy etilsa, odamlar emlanishdan bosh tortishi mumkin”, - deydi moliyaviy tahlilchi Robert Xalver.

Yevropa Ittifoqi koronavirusdan zarar ko’rgan iqtisodiyotni tiklash uchun 819 milliard dollar ajratdi. Biroq xalqaro ta’minot tizimidagi muammolar va yoqilg’i narxlarining yuqoriligi Yevropa davlatlari iqtisodiyotlariga zarba bermoqda. Masalan, Germaniyaning 430 milliard dollarlik avtomobil sanoati zarar ko’rmoqda.

“Ilgari doim mavjud bo’lgan ayrim mahsulotlar kamomadiga yuz tutyapmiz. Yarimo’tkazgichlar kamomadi yuzlab ming avtomobillarning ishlab chiqarish liniyalarida turib qolishiga sabab bo’ldi”, - deydi Germaniya Iqtisodiyot vaziri Peter Altmayer.

Inflyatsiya xarid quvvatini zaiflashtirmoqda va markaziy banklarni foiz stavkalarini ko’tarishga majburlayapti.

“Bu global muammo. Yana bir necha oy davom etishi kutilmoqda. Bu qisman xaridorlarning lokdaun paytida sotib ololmagan ko’plab mahsulotlarni cheklovlar bekor qilinishi ketidan sotib olib, talabni oshirishi bilan bog’liq. Global ta’minot tizimi esa bu talabga javob berishga qiynaldi”, - deydi “Yevropa islohoti markazi”dan Jon Springford.

Yevropadagi mamlakatlar vaksinalar qish mavsumida yana bir katta lokdaunning oldini olishda yordam berishiga umid qilmoqda. Rojdestvoga yaqin qit’ada iste’mol xarajatlari kuchayadi, biroq global ta’minot zanjiridagi uzilishlar sabab bolalar ba’zi sovg’alardan bebahra qoladi.