Ba’zi masjidlar qat’iy qoidalar ostida namozxonlar uchun ochiq, boshqalari yopiq. Diniy yetakchilar o’z jamoatlari bilan aloqada bo’lishning turli yo’llarini qidirmoqda.
“Konferens-aloqa, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda feysbuk-layv va “Twitter” orqali gaplashib turamiz”, - deydi pastor Kendrik Kelli.
Pastor va uning rafiqasi boshqalarga yordam berishni ham muhim deb biladi.
“Keksalarga oziq-ovqat yoki mahsulot yetkazish, maktablar yopiq bo’lgan hozirgi paytda bolalar ta’limi kanda bo’lmasligi bo’yicha hamkorlik qilyapmiz”, - deydi u.
“Agar ijodiy mahoratingiz bo’lsa, uni ishga solib boshqalar bilan bog’laning. Hammani shunga undayapmiz”, - deydi pastor yordamchisi Karen Kerri.
Karenning o’zi “To’xta, bir zum orom ol” nomli she’r yozib, “Facebook”ka joylashtirdi.
“Odamlarni yugur-yugurdan to’xtang, deb she’r yozdim. To’xtab atrofga nazar solaylik, tinglaylik, hayotimizda nimalar bo’layotganini anglaylik”, - deydi Karen.
Ijtimoiy uzoqlashuv davrida ayrim cherkovlar ibodatni onlayn uzatmoqda.
Tashqarida o’tayotganlari ham bor.
“Xudoga shukrona aytish uchun markaziy maydonga keldik”, - deydi Pit Norman.
“Xudoni yurakka joylab, Kapitoliyga kelish ajoyib. Bu yerda yig’ilishib, hayotimizda nimalar bo’layotganini muhokama qilamiz”, - deydi Karrington Adkins.
Pastor Kerri nazarida ham har bir inson hayotini qayta ko’rib chiqadigan payt hozir.
“Hozir nafaqat insoniy aloqalar, bir-birimiz haqida o’ylaydigan vaqt, balki ruhiyatni ham oziqlantirish lozim. To’xtab o’zingizga vaqt ajrating, nafas oling, yer yuzidagi go’zalliklarni qadrlang va bahra oling. Chunki odatda barchamiz shoshib yashaymiz”, - deydi pastor.