Gumanitar tashkilotlarning ogohlantirishicha, koronavirus qochqinlar lagerlarida tarqalsa oqibati halokatli bo’ladi. BMT hisobiga ko’ra, dunyo bo’ylab 30 mingdan oshiq qochqin bor va ularning aksariyati abgor ahvolda yashaydi.
Dunyo bo’ylab shifokorlar odamlarga tashqariga chiqmaslik, masofa saqlash va gigiyenaga qat’iy rioya qilishni tavsiya etmoqda. Agar qochqinlar lagerida yashasangizchi?
“Aksar qochqinlar lagerlarda zich yashaydi. Bunday sharoitda infeksiya tarqalishi oson. Toza suv va sanitariya-gigiyena vositalari borligi katta rol o’ynaydi. Va albatta yaxshi ovqatlanish. Qochqinlar doimiy stress holatida, shu bois immunitet ularda kuchli emas”, - deydi global salomatlik bo’yicha ekspert Richard Sallivan.
Bangladeshdagi Koks-Bazar lagerida Myanmadan qochgan 900 ming odam yashaydi. Koronavirus haqidagi xabarlar endi yetib kelmoqda.
“Virus nomi yodimdan ko’tarildi. Turli davlatlarga tarqalgani, odamlar o’lgani haqida eshitdim. Qo’llarni yuvib turish kerak”, - deydi roxinjalik.
Lagerda kasallik haqida turli mish-mishlar tarqalgan.
“Virusni yuqtirganlarning oyoq-qo’llari shol bo’lib qolar ekan. Og’zidan so’laklari oqib, itga o’xshab hurar ekan”, - deydi bu ayol.
Lagerga kirish-chiqishda hamma tekshiriladi, harorati o’lchanadi.
“Xorijlik gumanitar xodimlarga o’zlarini tekshirtirish, yangi ishchilarni olib kelmaslikni so’radik”, - deydi lager komissari muovini Kamol Husayn.
Iroq shimolidagi Xanki legarida 15 ming yazidiy qochqin yashaydi. AMAR jamg’armasi COVID-19 borasida xabardorlikni oshirish kampaniyasini olib bormoqda.
“Ko’plab qochqinlar, ayniqsa mamlakat ichida ko’chib yurganlar vaqtinchalik lagerlarda, yordam yetib bora olmaydigan joylarda yashaydi. Ular himoyasiz”, - deydi professor Sallivan.
Suriyaning Idlib viloyatidan qochgan minglab odamlar ham himoyasiz. Gumanitar ishchilarga virusga qarshi kurashish bo’yicha ko’rsatmalar berilmoqda.
Minglab muhojirlar arosatda qolgan yana bir joy bu Turkiya-Gretsiya chegarasidir. Gretsiya orollaridagi gavjum lagerlarda joy yo’q. Gumanitar tashkilotlar koronavirus tahdidi bois ularni evakuatsiya qilish kerakligini aytmoqda.
Keniyadagi Kakuma lagerida 200 ming qochqin istiqomat qiladi. Bir manbaga ko’ra, bu yerda odamlarga COVID-19 haqida hech qanday ma’lumot berilayotgani yo’q.
Aksar lagerlar sog’liqni saqlash tizimi zaif mamlakatlarda joylashgan – Keniya, Bangladesh, Iroq, Livan.
Hatto boy davlatlar ham virusni nazorat qilishga qiynalmoqda. Uning qochqinlar lagerlarida tarqalishi halokatli oqibatlarga olib keladi.