AQSh-Meksika chegarasidagi shaharda koronavirus keng tarqalgan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi ikkinchi eng yirik shtat Texas COVID-19 bilan kurashishda davom etmoqda. Xususan, Texas-Meksika chegarasidagi Starr okrugida vaziyat og’ir.

AQShdagi ko’plab do’konlar pandemiya davrida bankrotlik yoqasiga kelib qolgan bir paytda Veronika Gonzalezning kichik biznesida ishlar besh. Lekin u baror topdim demaydi.

“Ertangi dafn marosimlariga gullarni yetkazishimiz kerak. Afsuski, buyurtma ko’payayapti”, - deydi gul do’koni egasi.

U Texas chegarasidagi Roma shahrida yashaydi. Aholisi salkam 12 ming.

“Bizdan uch ko’cha narida Meksikaning Migel Aleman shahri”, - deydi Gonzales.

Starr okrugida joylashgan Roma va boshqa shaharlar koronavirusdan qattiq zarba yedi. Lekin aynan Romadagi ahvol Texasning boshqa hududlaridan farq qiladi.

Shtatning eng qashshoq bu okrugi aholisi asosan latinolar. Ko’pincha yetishmovchilikdan katta oilalar birga yashaydi. Ushbu hududda shtat bo’yicha diabet va semizlik ko’rsatkichlari eng baland. Demak, koronavirusni yuqtirganlar uchun asorat xavfi ham yuqori.

AQShdagi karatinning dastlabki ikki oyida Starr okrugida kasallar juda kam edi, deydi okrug Sog’liqni saqlash idorasidan doktor Xose Vaskez.

“Har kuni uchtagacha bemor aniqlanardi. Aprel o’rtalaridan maygacha, 21 kun davomida okrugimizda birorta koronavirus holati qayd etilmagan”, - deydi Vaskez.

“Dastlabki ikki oy tinch o’tdi. Undan keyin vaziyat izdan chiqdi”, - deya qo’shadi Gonzalez.

Chunki aprel oxirlarida Texasda bizneslar qayta ochila boshlagan edi. Ikkita bayram hamda Otalar kuni ortidan Starr okrugida COVID-19 bilan kasallanganlar ko’payib ketdi.

“Oilaviy yig’ilishlar, barbekyu va basseynlarga borish avj olishi bilan koronavirusni yuqtirish ko’rsatkichlari oshganini sezdik”, - deydi doktor Vaskez.

Buni ham ko'ring Tramp amerikaliklarni niqob taqishga unday boshladi

Okrugda faqat bitta kasalxona bor. Har 10 ming kishiga ikkita shifokor to’g’ri keladi. Mavjud tizim bemorlar to’lqiniga tayyor emas edi. Iyul oyida okrug rasmiylaridan biri hatto Feysbukda resurslar yetishmovchiligi, kimga ko’mak berish, kimni uyga jo’natishni shifokorlar hal qiladi, deb yozdi.

Xose Vaskezning aytishicha, shtat va federal miqyosdagi yordam tufayli vaziyat biroz o’nglangan. Hududga ikki tibbiy kema yuborilgan. Texasdagi ikkinchi yirik shahar, San-Antoniodagi veteranlar shifoxonasi ham bemorlarni qabul qilmoqda.

Okrugda koronavirusdan 20 dan ziyod odam o’lgani ma’lum. Raqamlar aslida undan-da kattaroq, deydi Vaskez.

“Bir oilada bir necha kishi o’layotganini ko’ryapmiz”, - deydi u.

Buning ustiga, Meksikadan bemorlar kelayotgani tizimni bosim ostiga qo’ymoqda.

“Lekin biz uchun hamma bemor bir. Hammaning hayoti birdek qadrli”, - deydi Vaskez.

“Hamma uchun og’ir damlar”, - deydi Gonzalez. U yaqinlaridan judo bo’lganlarga tasalli beryaotganini aytadi.