AQSh: Koronavirusga qarshi kurashda Markaziy Osiyo bilan birgamiz

Morgan Ortagus, AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi

Dunyo ahli koronavirusga qarshi kurashda. AQSh - bu kasallik eng keng quloch yozgan mamlakat. Virusni yuqtirganlar daqiqa sayin ko'payib bormoqda. Markaziy Osiyoda 28-martga qadar Qozog'iston, O'zbekiston va Qirg'izistonda rasman qariyb 250 holat qayd etilgan. O'lganlar kamida uch nafar.

Toshkent, qolaversa, Nursulton va Bishkek koronavirusni yengish uchun Xitoy modelini qo'llashga qaror qilgan. Pekin va boshqa shaharlardan ekspertlar va mutasaddilardan maslahat olinmoqda. Vashington esa mintaqaga bu pandemiyaga qarshi yordamga tayyor ekanini eslatmoqda. Davlat departamenti so'zlovchisi Morgan Ortagus "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, hozirgacha regionga 4,3 million dollarlik ko'mak ko'rsatildi. Bu yordam asosan tibbiy va texnik vosita va anjomlardan iborat.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Koronavirusga nisbatan chora ko'rishda Davlat departamenti Markaziy Osiyo bilan aynan qay shaklda ishlamoqda?

Morgan Ortagus, Davlat departamenti: Qo'shma Shtatlar - sog'likni saqlash borasida dunyoda eng ko'p tashqi yordam ko'rsatadigan davlat. Hozirgacha 4,3 million dollar ko'mak uzatdik, xususan shaxsiy himoya vositalari, niqoblar, masalan, va boshqa ashyolar. Pandemiyaga qarshi birgalikda ishlaymiz, bu aniq.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo davlatlarining AQShdagi elchixonalari va AQShning mintaqadagi elchixonalari hozirgi qiyin paytda fuqarolar og'irini yengil qilish uchun qanchalik hamkorlik qilmoqda?

Morgan Ortagus, Davlat departamenti: Bu hafta biz koronavirusga nisbatan dunyo bo'ylab chora ko'rishda yordamlashish uchun moliyani oshirdik. Ayni damda 274 million dollarga chiqdi. Maslahatlashayapmiz, vaziyatni o'rganayapmiz va bir yoqadan bosh chiqaramiz. O'tgan bir necha hafta mobaynida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi amerikaliklarni vatanga qaytarish ustida ishladik. Fuqarolarimiz xavfsizligi va salomatligi biz uchun, Davlat kotibimiz Pompeo uchun eng muhim masala. Markaziy Osiyo davlatlari bu borada biz bilan ishlayotganidan minnatdormiz. Ular biz bilan bu masalada hamfikr.

Hozirgacha 10 mingdan oshiq amerikalik dunyoning turli burchaklaridan yurtimizga qaytdi. Markaziy Osiyoda qolganlar bo'yicha ishlayapmiz. Bu orada vaksina va muolaja turlari yuzasidan ham qattiq harakat ketmoqda. Nimaiki samara bersa, mintaqa bilan bo'lishamiz, albatta. Markaziy Osiyo ham ajoyib g'oya va takliflar makoni. Amerika ham shunday. Xitoydan chiqqan bu kasallik va ildizi bu mamlakatga borib taqaladigan kasallikni yengish uchun birga ishlaymiz, birga bosh qotiramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin qanday strategiya asosida? Pandemiyaga qarshi aynan qanday choralarni qo'llamoqchisiz, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilar ekansiz?

Morgan Ortagus, Davlat departamenti: Yaqinda, bilasiz, Markaziy Osiyoga borib keldik. Davlat kotibi Pompeo bilan safar qildik va mintaqaga nisbatan strategiyamizni ham yangiladik. Biroq u paytda koronavirus hozirgi ko'lamda emas edi, e'tiborimiz markazida emas edi. Lekin bir narsa aniq: Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyamizga xalqaro tahdidlarga qarshi birga kurashish kiradi. Koronavirus pandemiyasi - endi mana shu tahdidlardan biri. Demak, har ikki tomon uchun birdek dolzarb muammoni birga hal qilmasak bo'lmaydi.