Ukraina yana Qrim ko'prigiga zarba berdi. Rossiya esa Ukraina bilan g'alla kelishuvidan chiqdi

  • Amerika Ovozi

Bugun Ukraina dengiz dronlari yordamida Rossiya hududini Qrimga bog’lovchi ko’prikka zarba bergan. Natijada ko’prik bo’ylab avtomobilda ketayotgan bir oilaning ikki a’zosi o’lgan – ota va ona, ularning qizi esa jiddiy jarohat olgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-iyul, 2023-yil


Ko’prik ham zarar ko’rgan, avtomobil qatnovi vaqtincha to’xtatilgan. Haydovchilarga Donetsk viloyatining Rossiya nazoratidagi qismi bo’ylab aylanib o’tish tavsiya qilingan.

Ukraina tarafi hujum uning ishi ekanini tan oldi. Rossiya esa uni terror xuruji deb atarkan, tergov boshlab hujumga bevosita aloqador odamlarni topishga kirishdi. Ukraina parlamenti ularni taqdirlashni taklif etmoqda.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining muovini, mamlakat sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev Qrim ko’prigiga hujumga javoban Ukraina rahbariyatini yoppasiga yo’q qilishga chaqirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, hujumni rejalashda AQSh va Britaniya razvedka xizmatlari yordam bergan.

Ukraina o’tgan yil oktabrida ham ushbu ko’prikni portlatgan edi. Rossiya yirik havo hujumlari bilan javob bergan. Rossiya rahbari Vladimir Putin bugungi chiqishida qurolli kuchlar bu hujumga ham javob berishini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko'ra, kiyevliklarning bir qismi Ukraina poytaxtini shoshilinch tarzda tark etishga kirishgan.

Ayrim manbalar dronlar bug’doy tashish uchun ishlatilgan kemadan suvga tushirilgan bo’lishi mumkinligini taxmin qiladi.

Bugun, shuningdek, Rossiya hukumati Ukraina g’allasini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishga imkon beruvchi kelishuv to’xtatilganini ma’lum qildi. Kelishuvda vositachi rolini bajargan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an umid bildirishiga qaramay, ikki oy oldin uzaytirilgan hujjat ortiq yangilanmadi.

Kelishuv ukrain kemalari xavfsizligini ta’minlagan edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik kafolatlari bekor qilinganini, dengizdagi gumanitar koridor yopilishini, kemalar nazorati bilan shug’ullangan Istanbuldagi qo’shma muvofiqlashtiruv markazi yopilishini bildirdi.

Rossiya uning qishloq xo’jaligi mahsulotlari hamda ularning savdosiga aloqador banklariga qo’yilgan G’arb sanksiyalari yumshatilmasa, kelishuvni bekor qilishi haqida ogohlantirgan edi.

Ayrimlar Kremlning so’nggi qarorini Ukrainaning “Azov” polki qo’mondonlarini Ukrainaga qaytarishga qaror qilgan Erdog’anga norozilik signali deya ta’riflamoqda. Azovchilar o’tgan yil bahorida Rossiyaga taslim bo’lib, Rossiyaga xayrixoh ukraina siyosatchisining ozodligi evaziga qo’yib yuborilgan va kelishuvga ko’ra urush oxirigacha Turkiyada qolishi kerak edi.

“Azov” polkining Turkiyadan qaytgan qo’mondonlaridan biri Denis Prokopenko bugun safdoshlari bilan uchrashgan, jang maydoniga qaytishi kutilmoqda. Rus siyosatchilari qayta saylangan Erdog’anni kelishuvni buzganlikda ayblamoqda.

Rossiya g’alla kelishuvidan chiqishini e’lon qilishi ketidan bugun fyuchers bozorida bug’doy 3 foizga qimmatlagan.

Erdog’an avgust oyida Turkiyaga safar qilishi kutilayotgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ushbu masalani muhokama qilmoqchi ekanini aytdi.

"Bugungi bayonotga qaramay, o’ylaymanki Putin do’stim kelishuvning davom etishi tarafdori. Avgust oyida ikkimiz uchrashganda rus bug’doyi va o’g’itlari eksportiga yo’l ochish uchun nima qilish kerakligi haqida gaplashamiz”, - dedi Erdog’an.

Turk manbalariga ko’ra, Erdog’an kelasi 24 soat ichida Putin bilan muloqot tashkil etishni so’rab Kremlga murojaat etgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov g’alla kelishuvining Rossiyaga tegishli shartlari bajarilishi bilan bitim uzaytirilishini bildirdi.

Ayrim manbalarga ko’ra, Ukraina g’alla eksporti hisobiga har oy 500 million dollar miqdorida daromad ko’rgan. Kelishuv doirasida salkam 33 million tonna makkajo’xori, bug’doy va boshqa don mahsulotlari eksport qilingan.

“Narx ko’tarilishi aniq. Oziq-ovqat kamomadi kuchayadi, ayniqsa qarzini uzolmay qiynalib yurgan kambag’al mamlakatlarda”, - deydi niderlandiyalik tahlilchi Karlos Mera.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrelning aytishicha, Rossiya g’alla kelishuvini to’xtatib, ochlikdan qurol sifatida foydalanmoqda.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild kelishuv to’xtatilganini tanqidga oldi.

“Rossiya yana bir bor muhtojlarga zarba berdi. Bu razolatdir”, - dedi u.

Amerika diplomatining aytishicha, Rossiya Ukrainada urush boshlab, dunyoning oziq-ovqatga muhtoj aholisining yanada ko’payishiga sababchi bo’ldi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning idorasi kelishuvni Rossiya ishtirokisiz ham davom ettirishga tayyor ekanini bildirib, BMT va Turkiyadan yordam so’ragan.