Kubada yangi rahbar saylandi

  • Amerika Ovozi

Raul Kastro (chapda) va yangi Prezident Migel Dias-Kanel

Kubani 1959-yildan beri boshqargan Kastro sulolasi hokimiyatni boshqa odamga topshirdi. Milliy majlis Davlat kengashi raisining birinchi o'rinbosari, 57 yashar Migel Dias-Kanelni besh yilga prezidentlikka sayladi. 604 xalq noibidan 603 nafari unga ovoz berdi.

Aytish joiz, Dias-Kanel bu lavozimga yagona nomzod edi. Yangi rahbar sifatida qasamyod keltirgach, u Kastrolar ishini, inqilob ishini davom ettirishini aytdi.

Xabarlarga ko'ra, Dias-Kanel liberal qarashlarga ega. Inqilob yetakchisi Fidel Kastro Kubani 1959-yildan 2006-yilgacha boshqargan, xastaligi tufayli boshqaruvni ukasi Raulga topshirgan. 2016-yilda esa Fidel Kastro 90 yoshda vafot etdi. Raul Kastro 10 yillik prezidentlikdan so'ng nomzodini uchinchi muddatga qo'yishdan bosh tortdi.

Rahbariyat yosh siyosatchilarni ko'tarmoqda, ammo hokimiyat hozircha keksa inqilobchilar qo'lida bo'ladi. Raul Kastro Kommunistik partiya raisligida qolishi aytilmoqda.

Kubaning eng yaqin hamkori Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng kommunistik orol iqtisodiyoti tushkunlikka uchradi. AQShga qochgan kubaliklar Kastro tuzumini inson huquqlarini poymol etayotganlikda, siyosiy erkinliklarga qattiq cheklov qo'yilganida ayblaydi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, Tramp ma'muriyati Kubada hokimiyat yangilanishini diqqat bilan kuzatmoqda.

"Mamlakatda demokratiya bo'lmagani bois odamlarda o'zlari istagan nomzodga ovoz berish imkoniyati yo'q", - dedi u.

Kuba hukumatining ashaddiy tanqidchisi, kubalik-amerikalik respublikachi kongressmen ayol Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, Kuba rahbarining ismi Kastro bo'lmasa-da, sulola mamlakatni boshqarishda davom etadi.

"Fidel va Raul Kastroning har ikkisi diktator. Kuba xalqida o'z hukumatini belgilash imkoni bo'lmas ekan, hukumatni kim boshqarishidan qat'i nazar hamisha diktatura bo'ladi", - deydi qonunchi.