Vashingtonda Kayxusrav bitigi ko'rgazmada

  • Amerika Ovozi

Kayxusrav silindri dunyoning birinchi inson huquqlari deklaratsiyasi hisoblanadi.

Vashingtonda miloddan avvalgi VI asrga tegishli loydan yasalgan silindr namoyish etilmoqda. Buyumga qadimgi Eron podshohi Kayxusravning so’zlari bitilgan bo’lib, dunyoda inson huquqlariga oid ilk yozuv hisoblanadi. Mutaxassislarga ko’ra, bu demokratiyaning bir necha ming yillik tarixga ega ekanini ko’rsatadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kayxusrav silindri, Behzod Muhammadiy


Silindrning hajmi amerikacha futbol to’pidan kichik bo’lib, dunyoning eng qimmatbaho asarlaridan hisoblanadi.

Unda ko’hna Vavilon tilida qadimiy Eron podshohi Kayxusravning so’zlari bitilgan. Kir Ikkinchi nomi bilan ham tanish bu arbob bundan 2600 yil muqaddam ulkan fors davlati, Axomaniylar imperiyasini boshqargan.

Ayrimlar bu hujjatni ilk inson huquqlari deklaratsiyasi deb ataydi.
Silindr Britaniya muzeyidan keltirildi. Vashingtondagi Smitson san’at institutining ko’rgazmalar zaliga qo’yilgan buyum Amerikada ilk bor namoyish etilmoqda.

Muzey rahbari Nil Makgregor gapiradi.

“Insoniyat tarixida ilk bor hukmdorning turli madaniyatlar, tillar, elatlar, dinlardan iborat jamiyatni boshqarish ustida o’ylangani haqida dalilga egamiz”, - deydi muzey rahbari.

Silindr miloddan avvalgi 539-yilda bosib olingan Vavilonda ko’milib,

1879-yilda britan muzeyining arxeologik qazilmalari natijasida hozirgi Iroq hududida topilgan.

Silindrda shaharning bosib olinish tarixi va u yerdagi fuqarolarga ibodat qilish erkinligi berilgani tasvirlanadi.

Britaniya muzeyi vakili Jon Kurtis silindr Injilda bitilgan ayrim voqealarni ham tasdiqlashini aytadi.

“Kayxusrav Vavilonni o’sha davr odatiga ko’ra vayron etmasdan, tinch yo’l bilan bosib olganini aytadi. U Vavilon fuqarolariga avvalgidek yashashga ruxsat berganini ham yozgan”, - deydi muzey xodimi.

Kir, shuningdek, tutqunlikda saqlangan yahudiylarni ozod etib, Quddusga qaytishlariga ijozat bergan.

“Yahudiylar keyingi bir ming yil davomida Kayxusravni qahramon sifatida ko’rib kelgan. Ular uchun Quddusni qaytib olishda Eron imperiyasi tarixdagi eng zo’r davr bo’lgan. Shuning uchun bugun Isroil va Eron hamda AQSh va Eron munosabatlarining salbiyligi ajablanarli. Amerika asoschilari hatto Kayxusravning bir jamiyatda turli dinlar farovonligini ta’minlash, ammo hech birini davlat dini sifatida qabul qilmaslik modelini AQSh Konstitutsiyasiga asos qilib olgan”, - deydi muzey rahbari Nil Makgregor.

AQSh sobiq prezidenti Tomas Jefferson qadimgi yunon yozuvchisi Ksenofont qalamiga mansub “Kiropediya” asarining ikki nusxasiga egalik qilgan. Asarda Kayxusravning faoliyati madh etilib, Jefferson dunyoqarashiga ta’sir qilgan bo’lishi mumkin.

Vashingtondagi ko’rgazmaga ko’hna Eronga oid eksponatlar qatorida Jefferson kutubxonasidan olingan bu kitob ham qo’yilgan.

“Har bir eronlik fors imperiyasi Yaqin Sharq tarixini shakllantirganini, butun dunyo tan olgan davlatchilik modelini yaratganini yaxshi biladi”, - deydi Makgregor.

Vashingtondan so’ng ko’hna silindr AQShning yana to’rt muzeyida ham namoyish etiladi.