Breaking News

Mashhur shisha ustasining yangi ko'rgazmasi


Fors shiftining bir bo'lagi.
Fors shiftining bir bo'lagi.
Shisha nafaqat ro’zg’orda ishlatiladi, balki nozik va noyob san’at asarlarining asosi hamdir. Amerikada bu soha ustalaridan biri Deyl Chixuli bo’lib, u shisha inqilobchisi degan nom qozongan.

Shisha san'ati, Virjiniya/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00
Yuklab oling

Deyl Chixulining Siettldagi ustaxonasidamiz. U shogirdlariga shishani mo’jizaga aylantirishni o’rgatyapti.

Mana 50 yildirki Chixuli shishadan rang-barang idishlar, ajoyib buyumlar yasaydi. Shisha uning kasbi, hayoti.

Lekin bundan 30 yil avval avtomobil halokatiga uchrab, bir ko’zidan judo bo’lgach shisha puflay olmay qolgan.

“Faqat bir ko’zim ko’radi, shu sababli ishlash qiyin,” - deydi usta.

Shogirdlari endi uning ko’zi. Birgalikda keng ko’lamli loyihalarni amalga oshirishmoqda.

1999-yilda u Quddusning eski qismida ishladi…

Yaqinda esa Virjiniya shtatidagi san’at muzeyida uning ko’rgazmasi ochildi.

“U shishadan ham go’zal buyumlar, ham san’at asarlari yaratadi. Ishi ko’zingizni qamashtiradi, deydi muzey direktori Aleks Nayerges.

Chixuli bir buyum uchun bir necha ming shisha parchasini ishlatadi.

“Ijod qilayotganimda ko’nglimga nima ma’qul kelsa shuni qilaman,” - deydi u.

Mana bu installyatsiya uzunligi 20 metr. 1500 ta alohida bo’lakdan aynan shu ko’rgazma uchun yasalgan.

“Men uni Laguna Torchello deb atadim. Torchello Venetsiya yaqinidagi kichik bir orol. Venetsiyani juda yaxshi ko’raman. Asarlarimni unga bag’ishlagim keldi”.

Nafaqat Venetsiya, balki yapon madaniyati, Amerika tub aholisi, ya’ni hindu qabilalar san’ati ham Chixuli uchun ilhom manbai. Ko’rgazmadan uning boy kolleksiyasi o’rin olgan. Lekin, deydi usta, shisha – eng go’zal ashyo.

Ijodkor shishada hayotni ko’radi.

“Mo’jizaning o’zginasi. Nur o’tadigan materiallar ko’p emas-da. Shishani yoruqqa tutsangiz, ajoyib narsalar paydo bo’ladi”.

Mana bu esa Fors shifti. Nur, rang va 1000 dan oshiq shisha buyum.

“Rang-barang shisha bo’laklarini olib, birlashtirsam, go’zal bir narsa vujudga keladi”.

U shisha puflashni hamon qo’msaydi. Lekin shogirdlari bilan ishlayotganidan juda xursand.

“Tasavvur qilgan narsamni yarata olaman. Chiroyli buyumlar yasab, ko’rgazmaga qo’ysam, baxtiyorman”.

71 yoshli Deyl Chixuli ijoddan bir zum ham to’xtagisi yo’q. Hayotim mazmuni shu, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG