AQSh yetakchi diplomati Toshkentda vazirlar, faollar va oilalar bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Daniel Rozenblum va Toshkentdagi elchi Pamela Spratlen, 27-avgust, 2015

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Daniel Rosenblum mintaqaga safar qilar ekan, O'zbekistonda to'rt kun o'tkazib, vazirlar va boshqa rasmiylar, huquq faollari va fuqaro jamiyati a'zolari, shuningdek, siyosiy mahbuslarning oialari bilan uchrashdi.

Rosenblum uchun bu ish safari ekani aytiladi. Maqsad - aloqalarni mustahkamlab borish, turli masalalar yuzasidan yuzma-yuz fikr almashib turish.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va savdo vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa idoralarda muloqotlar kechgan. Toshkentdagi uchrashuvlarda xavfsizlik, iqtisod va sarmoya hamda ijtimoiy masalalar muhokama qilingan. Rosenblum Samarqandda kechayotgan "Sharq taronalari" festivalini tomosha qilishga ham taklif etilgan.

Elchixonada kechgan davra suhbatida, Rosenblum fuqaro jamiyati vakillari va huquq himoyachilari bilan O'zbekistonda majburiy mehnat hamon og'ir muammo ekani, paxta dalalariga minglab odamlar zo'rlab olib chiqilishi xususida so'zlashgan.

Amerika O'zbekistonni inson huquqlari bobida ijobiy qadamlar tashlashga undab keladi. O'nlab siyosiy mahbuslarning taqdiridan xavotir bildirib keladi. Karimov ma'muriyati bu odamlar tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilgan desa, xalqaro tashkilotlar va huquq faollari nazarida bu insonlar nohaq va asossiz qamalgan, hukumatni tanqid qilgani uchungina nishonga olingan fuqarolardir.

Yetakchi diplomat Vashington O'zbekiston bilan serqirra hamkorlik istashini eslatib, o'zaro manfaatlar haqida so'zlagan. Matbuot xodimlari bilan suhbatda diplomat har qanday jamiyatda barqarorlik asosiy talabdir, deya qayd etgan.

"Reuters" axborot agentligi bu uchrashuv ketidan "AQSh O'zbekistondan "Islomiy davlat" ga qarshi koalitsiyaga qo'shilishni so'ramoqda" deya xabar tarqatdi. Biroq rasmiylarning, xususan Rosenblumning "Twitter" orqali aniqlik kiritishicha, muloqotda diplomat umumiy kontekstda gapirgan, ya'ni respublika xalqaro koalitsiyaga boshidanoq taklif qilinganini aytib, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik mavjudligi va davom etishini ta'kidlagan.

Rosenblum Markaziy Osiyoga "Islomiy davlat" solayotgan tahdid haqida yaqinda Kongressda so'zlaganida, xavf bor biroq vahimaga hojat yo'q degan edi. Diplomat har bir mamlakat bilan yaqinda ishlash ahamiyati, shuningdek, mintaqaviy birdamlikka urg'u bergan edi.

Shu kunlarda iste'foga chiqqan yana bir diplomat Richard Hoagland "Amerika Ovozi" bilan suhbat qilib, Rosenblum aytgan gaplarni takrorladi. Markaziy Osiyo ekstremist kuchlarga qarshi ogoh va tayyor turishi kerak, deydi u, biroq bu guruhlar mintaqaga hamla qilishga shay turibdi deyish xato bo'ladi.