Kobuldagi masjid portlashida o'lganlar soni 21 kishiga yetdi

  • Amerika Ovozi

18-avgust, 2022: Kobulda masjidga xurujda o'lganlar dafv etilmoqda

17-avgustdan 18-avgustga o'tar kechasi Kobulda masjid portlatilganida halok bo'lganlar soni 21 kishiga yetdi.

Politsiya boshlig'i Xolid Zadran deydiki, 33 namozxon jarohatlangan.

Siddiqiya masjidi - poytaxtning tanilgan maskanlaridan biri.

Namoz o'qiyotganlarga yetakchilik qilayotgan Amir Muhammad Kobuliy, Afg'onistonning taniqli ulamosi va islomshunos olimi, o'lganlar orasida.

BMTning Afg'onistonga missiyasi Tolibonni terrorizmga qarshi konkret choralar ko'rishga chaqirmoqda. So'nggi xuruj ortida turganlar jazolanishi kerak, deya undamoqda idora.

“Biz bu hujumni qoralaymiz. O'tgan bir necha hafta ichida 250 dan oshiq afg'on bunday xurujlarda o'ldi yoki jarohatlandi. O'tgan bir yil ichida kuzatilgan eng qonli voqealar", - deya bildiradi BMT idorasi.

Italiyalik mutaxassislar yuritadigan "Emergency7" kasalxonasida yaralanganlar joylashtirilgan. Uch kishi jon bergan. Jarohatlanganlar orasida go'daklar bor.

Tolibon rahbariyati so'zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, boshqaruv qat'iy qadamlar tashlab, hujum qilganlarni tutadi va jazolaydi.


Hozirgacha hech kim xurujni qilganini tan olmagan. Lekin gumon qilinayotgan tomon - "Islomiy davlat" terror guruhi.

Siddiqiya masjidi sufizm makoni sanaladi. "Islomiy davlat" sufizmni la'natlab, uni islomning bir maktabi deb hisoblamaydi.

Portlash ortida aynan "Islomiy davlat" Xuroson bo'limi turgan bo'lishi mumkin, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan afg'onlar.

Tolibonni ular dushman deb biladi va bu harakat hokimiyatga kelganidan beri terror hujumlarini ular amalga oshirganini bayon qilgan, xususan shialarga nisbatan.

"Islomiy davlat" Xuroson toliblarni va oddiy aholini o'ldirganlikda ayblanadi.

O'tgan hafta Kobuldagi madrasada bir kishi o'zini portlatganida toliblarning nufuzli olimlaridan biri ham o'lgan.

Tolibon "Islomiy davlat" Xurosonning katta qismi yo'q qilingan deya da'vo qiladi. Biroq so'nggi portlashlarda hukumat shu to'daga ishora qilmoqda.