Breaking News

AQSh Afg'onistonga gumanitar yordam uzatish yo'llarini ko'rib chiqyapti


Oziq-ovqat olish uchun ro'yxatga olinishga navbatda turgan afg'onlar
Oziq-ovqat olish uchun ro'yxatga olinishga navbatda turgan afg'onlar

Inson huquqlari faollari va gumanitar tashkilotlar Afg’onistonda oddiy xalq turmushi og’irlashganiga ishora qilarkan, ba’zilar hatto o’z organlari yoki farzandlarini sotayotgani haqida aytishmoqda. Mamlakatni bir yil oldin shosha-pisha tark etgan Qo’shma Shtatlar Tolibon hokimiyati ostida yashayotgan afg’onlarga gumanitar yordam berish yo’llarini izlamoqda.

Xalqaro hayot - 17-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:00 0:00

“Jahon oziq-ovqat tashkiloti tarqatgan eng so’nggi ma’lumotga ko’ra, Tolibon hokimiyatga kelganidan beri afg’onlarning 90 foizi oziq-ovqat masalasida qiynalmoqda. Ba’zilar hatto ochlikdan o’lyapti”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” vakili Farishta Abbosiy.

Hafta boshida Tolibon xorijiy kuchlar mamlakatni tark etganining bir yilligini nishonladi. Harakat dunyoning barcha davlatlari bilan mustahkam siyosiy va iqtisodiy aloqalar o’rnatishga intilayotganini ta’kidlaydi. Biroq Bayden ma’muriyati Tolibon va’dalarining samimiyligiga ishonmaydi.

Toliblar al-Qoida bilan aloqani uzishga so’z bergan, biroq o’tgan oy AQSh harbiy dron bilan Kobulda guruh rahbari Ayman al-Zavohiriyni o’ldirishga muvaffaq bo’ldi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, Oq uy ma’muriyati Afg’oniston Markaziy bankining muzlatilgan pullarini hali-beri Tolibonga topshirishga tayyor emas, biroq masalaga yechim topish harakatida bank bilan bir necha oydan beri muzokara qilmoqda.

“3,5 milliard dollar pul terror faoliyatini moliyalashga sarflanmasligi uchun Afg’oniston xalqiga yetkazishning samarali yo’llari va mexanizmlarini o’rganyapmiz”, - dedi rasmiy.

Mutaxassislarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, al-Qoida rahbarining Kobul markazida yashayotgani muzlatilgan pullarni Afg’onistonga qaytarish harakatlariga pand berdi.

“Al-Zavohiriy voqeasidan so’ng AQSh yanada qattiqroq pozitsiyani tutib, Tolibonni pulga yaqinlashtirmaydigan trast jamg’armasi kabi biror mexanizmga kelishilmaguncha uni Afg’onistonga topshirishga rozi bo’lmaydi deb o’ylayman. Tolibon qattiq turishga majbur bo’ladi. Harakat siyosiy sabablarga ko’ra o’zining qonuniyligini ta’minlashi kerak bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Maykl Kugelman.

Kuzatuvchilar AQSh va boshqa davlatlar afg’on xalqiga gumanitar yordamni kuchaytirish kerak degan fikrda. Shu bilan birga, deydi ular, Tolibon ayollar huquqlarini cheklash bilan ovora bo’lmasdan xalq ehtiyojlari bilan shug’ullanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG