Koloradoga sayohat. 8-qism. O'zbekistonlik raqqosa ochgan studiya

Sobiq o'zbekistonlik raqs ustasi Adelina Kaudinovaning Denverdagi raqs studiyasi, Kolorado shtati

Mana uch yildirki, o’zbekistonlik Adelina Kaudinova Denver shahrida bolalar va kattalarni sharqona raqslarga o’rgatadi. Sana'tkor Amerikaga oilasi bilan
olti yil avval grin karta yutib kelgan. O’zbekistonda “Shodlik” va “Bahor” ansambllarida mahoratini oshirgan san’atkor Amerikada ham sevimli mashg’ulotini davom ettirdi.

“Avval mahalliy rus bolalar markaziga ishga kirdim. Qo’shimcha ravishda uyimdagi bir xonani studiyaga aylantirib, u yerda ham bolalarni o’rgatdim. Keyin onalarini ham jalb qildim. So’ng mana shu joyni ijaraga olib, uni ta’mirladik, studiyaga aylantirdik”.

Denverda joylashgan “Adelinaning raqs dunyosi” studiyasida asosan qiz bolalar va ularning onalari shug’ullanadi. Aksariyati ruslar.

“Liboslarni o’zim tikdim. Bu yerda bunaqalarini sotib olomaysiz. Kimgadir buyurtirish esa qimmatga tushadi. O’zim qildim”, - deydi ustoz.

Adelinaning aytishicha, qizlar zavq bilan shug’ullanadi. Raqslarni Adelinaning o’zi sahnalashtiradi. Ularga Markaziy Osiyo haqida, O’zbekiston haqida ma’lumot berib boraman, deydi u.

Adelina Kaudinova

“Qizlar raqs tanlamaydi. Lekin sharqona raqslar ularga ko’proq yoqadi, musiqasi o’zgacha, uslub notanish bo’lgani uchunmi. O’ynayotganda ko’zlari chaqnaydi”.

Yosh raqqosalar mahoratini turli madaniy tadbirlarda, o’z maktablarida, Navro’z bayramida namoyish qiladi, maxsus konsert berishadi.

“Ba’zi shogirdlarim san’at maktabiga kirdi, raqqosalikni o’ziga kasb qilib olmoqchi”.

10 yashar Mariyaning aytishicha, raqs orqali inson o’z hissiyotlarini boshqacha ifoda etishi mumkin.

"So’z bilan emas. Raqs shunisi bilan menga yoqadi. Sport, gimnastika, aerobika bilan ham shug’ullanaman. Lekin raqsni yaxshiroq deb o’ylayman. Xavfsizroq”, - deydi u.

Albinaning eng sevimli raqsi buxorocha.

"Raqsga tushish maroqli. Sog’liq uchun ham yaxshi”, - deydi u.

“Adelinadan ko’p narsalarni o’rgandim. Ajoyib ustoz. Ammo bizga ko’p ter to’ktiradi. Ayniqsa konsertlardan oldin. “Mashhur ballerina bo’lmoqchiman”, - deydi Lisiya ismli qizaloq.

Adelina Kaudinovaning aytishicha, bolalar hamma joyda bir xil.

"Farq yo’q. Farq mening ularga munosabatimda. Toshkentda sovet raqs maktabi ta’sirida bolalar bilan ishlash osonroq edi, chunki ular gapingizga quloq soladi, aytganingizni qiladi. Bu yerda esa ular bilan ishlash murakkabroq. Har narsa xususida o’z fikri bor, o’zini erkinroq tutadi”.

​Adelina o’z guruhi bilan O’zbekistonda konsert qo’yishni orzu qiladi. 17 yil oldin Toshkentda u ochgan “Guldasta” studiyasini hozir shogirdlari yuritadi.