O’zbekistonda internet islom haqidagi munozaraga qanday ta’sir qilayapti? Global tarmoq oldin iloji bo’lmagan qanaqa imkoniyatlarni yarayatapti va to’siqlarni olib tashlayapti?
Yaqinda Jorj Vashington universitetida yig’ilgan Noa Taker, Sara Kendzior, Behzod Mamadiyev va Vendell Shvab mana bir necha oydirki, mintaqada ijtimoiy tarmoqlarning islom ahli hayotidagi rolini kuzatib kelayapti.
Mart oyida ishga tushgan, “Markaziy Osiyoda raqamli islom” deb nomlangan bu loyihani Michigan Universiteti va Jorj Vashington Universiteti qo’llab-quvvatlayapti.
Bloglar, “Facebook”, “Twitter” va “Odnoklassniki” ning bugun mintaqada o’rni qanday? Bu sahifalarda yuzma-yuz muhokama qilib bo’lmaydigan qanday mavzularni ko’tarish mumkin hozir?
Tadqiqotchi Sara Kendzior tahlilicha, bugun bu saytlarda o’zbeklar Islom Karimov hukumati haqida ma’lumot qidirmaydi. “Facebook” tarmog'iga shaxsiy, oilaviy suratlarni joylayotib yoki kechki ovqatga nima pishirganini yozayotib tasodifan jiddiy, taqiqlangan maqolalarga duch kelib qoladi”, - deydi Kendzior.
O’zbekistonda ko'plab veb saytlarga to'siq qo'yilgan, lekin “Facebook” va “Twitter” kabi tarmoqlar ochiq. Mutaxassislar nazarida ularni blokirovka qilish oson emas. Demak, diniy yoki siyosiy ma’lumotni bemalol o’qib tomosha qilish mumkin.
Yana bir muhim jihat, deydi Kenzior, ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot chegaralar osha yoyiladi.
“O’zbekiston uchun bu ahamiyatli, chunki mamlakatga doir jiddiy xabar va maqolalar asosan xorijda, xususan, 2005-yilda Andijon fojeasidan keyin davlatdan chiqib ketgan fuqarolar tomonidan yoziladi”, - deydi u.
Shu bilan birga, qo’rquv hissi hali ham kuchli. Odamlar nima yozish, gapirishdan oldin o’zini obdon senzura qiladi. Deylik, chet elda yurgan o’zbekistonlikning biror tanqidiy fikri yoki maqolasi uchun vatandagi yaqinlari jazolanishi hech gapmas. “Bunaqa hollar ro’y berganini bilamiz”, - deydi Kendzior.
Behzod Mamadievning tan olishicha, chet elda yurgan o’zbekistonliklar nisbatan erkin his qiladi o’zini. Chunki aksariyati xorijda ildiz otayapti, hayotini o’sha davlatda ko’radi.
Shu bilan birga, oddiy misol - info.islom.uz kabi saytlar ba’zida “Amerika Ovozi” ning maqolalarini qayta chop etadi va manba to’liq keltiriladi. Behzod Mamadiyev nazarida “Amerika Ovozi”dan maqola keltirish uchun ham jasorat kerak va O’zbekistondagi vaziyatni hisobga olsak, bu katta gap.
Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekistonda “Facebook”, “Odnoklassniki”, “Twitter” ijtimoiy tarmoqlar ommalashishidan oldin “Arbuz” forumi asosiy veb chorraha edi, deya eslaydi Kendzior.
Odamlar ham jiddiy, ham ko’ngilochar mavzularda bahslasha oladigan, xorijdagi o’zbekistonliklar yuritadigan sayt edi. 2005-yilda Andijon fojeasi, keyinroq 2010-yilda Qirg’iziston janubidagi xunrezlik ortidan forumda jiddiy masalalar ko’tarilib, ma’lumot almashilgan. Buni tahdid deya ko’rgan O'zbekiston hukumati saytning xorijdagi mualliflariga qo’li yetmasa-da, vatandagi foydalanuvchilarini siquvga olgan va forum yopilib ketdi.
Boz ustiga, joriy yilda mamlakatda bloggerlikka oid qonun qabul qilingan va unga ko’ra, bloggerlar biror narsa yozishdan oldin axborot to’g’riligini obdon tekshirishi kerak. Blogdagi to’g’ri bo’lmagan ma’lumotni qayta chop etgan odam ham jazolanishi mumkin. Bu qonunning ijrosi va talqini, uning ijtimoiy tarmoqlarga ta’sirini endi ko’ramiz, deydi Kendzior.
Xo’sh, O’zbekistonda yashab turgan odam qaysi saytga kirish mumkin yoki mumkin emasligini qayerdan biladi? Masalan, jo’n kiyim-bosh haqida savoli bo’lsa ular qaysi sahifalarni ochib javob izlaydi?
Noa Taker so’zlariga ko’ra, O’zbekistondagi va chet eldagi o’zbekzabon diniy saytlarning mazmunida deyarli farq yo’q. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning islom.uz saytini olasizmi, Saudiya Arabistonida asoslangan va salafiy o’zbeklar yuritadigan saytni olasizmi, mazmunan bir. Lekin salafiylar sayti to’silgani sir emas.
Behzod Mamadiyevning aytishicha, islom haqida tasavvuri borlar qaysi saytga kirishni, qaysi manbalar ishonchli ekanini biladi.
Shu bilan birga, deya davom etadi u, chet davlatdan turib boshqariladigan, hosting xizmati xorijda bo’lgan sahifalar blok qilingan. Bu jihatdan qaysi domenda ekaningiz muhim - masalan, “Vatandosh” gazetasini olaylik. Unda tanqidiy siyosiy mavzular ko’tarilmasa-da, .com domeni bilan ishga tushganida O’zbekistonda sahifa to’silgan edi. .Uz domeniga o’tgandan keyin odamlar bemalol kira boshladi. Ya’ni to’siqlarni aylanib o’tish yo’llari bor”, - deydi u.
Muhokama paytida diniy adabiyotlar mavzusi ham ko'tarildi. Bu tadqiqotchilarning aytishicha, 2005-yilgacha bosma diniy adabiyotlar nisbatan erkin nashr qilinar, buning uchun Diniy ishlar bo'yicha qo'mitaning ruxsati talab qilinar edi. Aholi orasida bunaqangi adabiyotga talab katta bo'lib, tezda sotilib ketilar va anchayin daromadbop biznesga aylangan edi, deydi ular. Biroq bugun O'zbekistonda diniy asarlarni Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiqdan bo'lak boshqa biror kimsa bosmaydi hisob. Albatta, bozorlarda 2005-yilgacha bo'lgan adabiyotlar hali ham bor va ular qayta nashr qilib turiladi.
Kitoblarning elektron shaklini topish mumkin bo'lgan manbalar sirasida esa ishtirokchilar ziyouz.com, islom.uz, uzislam.com kabilarni sanaydi.
Jorj Vashington universitetida kechgan muhokamani ingliz tilida to’liq holda quyida tinglasangiz bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5