Jahonda ichki qochoqlar 41 milliondan oshdi

  • Amerika Ovozi

Yamanlik qochoq qizaloq

Yangi hisobotga ko'ra, nizo va tabiiy ofatlar bois yurtidayoq sarson insonlar o'tgan bir yilda 40 milliondan oshdi. Rekord ko'rsatkich bu.

Norvegiya qochqinlar kengashi vatanidayoq uyini tashlab sargardon yurishga majbur insonlarni kuzatib keladi. O'tgan 2015-yilning o'zida 27,8 million odam uy-joyini tashlab qochgan.

Qo'rqinchli raqamlar, deydi kengashning Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassisi Karl Shembri.

Jahonda bu borada vaziyat yil-sayin og'irlashmoqda, deydi kengash bosh kotibi Yan Egeland. Urush, nizolarga botgan mintaqa, davlatlar o'ta ko'paygan, deydi u.

Mojarolar 8,6 million odamni uyidan siqib chiqargan bo'lsa, shulardan 60 foizi Yaman, Suriya va Iroq hissasiga to'g'ri kelmoqda. 2010-yilda boshlangan "arab bahori" va "Islomiy davlat" to'dasining vujudga kelishi buning asosiy sabablaridan.

Ba'zi oilalar urushga botgan davlatlardan chiqib ketishga qurbi, puli yetmaydi yoki chegaralar yopiq bo'ladi.

Yaqin Sharqda sarson insonlar muammosini harbiy yoki gumanitar yo'l bilan hal qilib bo'lmaydi, deydi Shembri.

"Muammoni faqat siyosiy muzokaralar, uzoq muddatni ko'zlovchi tinchlik rejasi barham toptirishi mumkin. Urishayotgan barcha tomonlarning madadi kerak bunda", - deydi u.

Yamanda, masalan, o'tgan yili 2,2 million odam vatandagi qochoqlar lagerlariga panoh izlab borgan. Lekin bu lagerlar ham bombardimon qilib kelinadi. Urush ketayotgan yurtda xavfsiz joyning o'zi yo'q, deydi u.

Arab yarimorolining eng kambag'al davlatlaridan bo'lmish Yamanda shia isyonchilar va hukumat tarafdorlari olishayapti. Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya Yaman hukumatiga yordam berib, isyonchilarni bombardimon qilmoqda.

Ichki qochoqlar Afg'oniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo demokratik respublikachi, Nigeriya, Janubiy Sudan, Ukraina va Kolumbiyada ham katta muammo.

Tabiiy ofatlarga kelsak, 19 million inson toshqin, to'fonlar bois uyini tashlab qochgan. Aksariyati Hindiston, Xitoy va Nepalda. Nepalning o'zida o'tgan yilning aprel va mayida zilzila 2,6 million odamni turar joyidan quvgan.

Mutaxassislar nazarida Osiyoda davlatlar tabiiy odamlarning oldini olish va hozirlik ko'rish kabi choralarda qattiq oqsaydi.

Istanbulda yaqinda Jahon insonparvarlik sammiti o'tishi kerak. Egeland ana shu anjumanda tabiiy ofatlarning oldini olish va asoratlarini yengillashtirish rejasini, urushlarning oldini olish va tinch aholini himoya qilish rejasini ishlab chiqishga undamoqchi.

Sammit 23, 24-may kunlari o'tadi va unda jahonning besh mingdan ziyod rasmiylari, biznes ahli, insonparvarlik tashkilotlari vakillari qatnashadi.

Hisobotda bu safar qoradori va jinoyatchilik bois uyidan qochgan odamlar ham ro'yxatga olindi. O'tgan yili bunday nizolar Salvador, Gvatemala, Gonduras va Meksikada bir million odamni uyidan haydab solgan.