AQSh: Irqchilikni ta’lim orqali yengish mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qora tanli shaxsning politsiya qo’lida o’lgani AQShda sistematik irqchilik va bu muammoni qanday yechish to’g’risidagi bahslarga turtki berdi. Ayrim ekspertlar fikricha irqchilikni faqatgina ta’lim orqali yengish mumkin.

Jorj Floydning o’limi ketidan namoyishlar kechayotgan bir paytda, Vashingtondagi Afro-amerikaliklar tarixi va madaniyati muzeyi “Irq haqida suhbat” nomli veb portalni ishga tushirdi. Loyiha tomoshabinlarga Amerika jamiyatidagi irqchilik va irqiy dinamika haqida ma’lumot beradi.

“Portalda irqchilikning qisqa tarixi o’rin olgan, ayniqsa AQSh kontekstida. Maqsad odamlarni irqiy mansublik haqida o’ylantirish”, - deydi muzeyning ta’lim bo’limi direktori Kandra Flanagan.

Veb portal muzey xodimlarining uzoq yillik mehnati mahsuli bo’lib, tarix, fan va psixologiya sohalarida chuqur izlanishlarni o’z ichiga oladi.

“Bu haqda og’iz ochmaslik xavfli. Irqni mutlaqo muhokama qilmaslik, bu omilni e’tiborga olmaslik, uning mavjudligini tan olmaslik ham sukunatning bir turi. Bu bahs-munozalarga nuqta qo’yadi. Natijada dunyomizda nimalar bo’layotganini ko’ra olmaymiz, irqiy masalalarga qanday yondashishni bilmaymiz, kelishmovchiliklarni chetga surib murosa qilish imkoniyatidan mahrum bo’lamiz”, - deydi Flanagan.

Loyihada qo’llanilgan materiallar nafaqat faktlarni taqdim etadi, balki Amerika hayotining barcha jabhalarida – iqtisod, siyosat, madaniyat va ta’limda o’zini namoyon etuvchi irqiy muammoga yechim taklif etadi.

“Maktab tizimida o’quvchi yagona talqin asosida tahsil oladi. Tarix aksariyat hollarda oq tanli erkak nuqtai nazaridan hikoya qilinadi. Biz esa turfa fikrlar uchun maydonni ochmoqchimiz. Afro-amerikaliklar tarixi – bu Amerika tarixi”, - deydi muzeyning ta’lim bo’limi xodimi Anna Xayndli.

Biroq Kaliforniya universiteti professori Gari Orfild fikricha, muammo faqatgina AQSh ta’lim tizimining mohiyatida emas, balki uning strukturasida hamdir.

Uning boshchiligidagi Fuqarolik huquqlari loyihasi 2006-yilda chiqargan tahlilnomaga ko’ra, ta’lim tizimidagi segregatsiya darajasi 1960-yillar bilan qiyoslaganda unchalik yaxshilangani yo’q. Xulosalar 14 oldin taqdim etilganidan buyon vaziyat yanada og’irlashgan, deydi Orfild.

“Bizda irq va sinf muammosi bor. Qora tanli, latino va tub amerikalik o’quvchilar, asosan, qashshoq, tajribali o’qituvchilari kam, sifatli ta’lim bermaydigan, raqobatbardosh tengdoshlari bormaydigan maktablarga qatnaydi. Ularning ota-onalari ham kuchli emas”, - deydi professor.

Orfild tahlilicha, oq va qora tanlilarning bir-biridan ajralib qolishiga charter maktablar ham hissa qo’shgan. Ushbu xususiy muassasalarga o’quvchilarni irqidan qat’i nazar qabul qilish talabi qo’yilmagan. O’quvchilarga fuqarolik huquqidan dars berish sharti ham belgilanmagan.

“1960-70 yillarda AQShda maktablarni integratsiyalashtirish, qo’shimcha moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, ozchilik qatlam farzandlarini yaxshiroq maktablarga qo’yish, to’siqlarni olib tashlashga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilingan edi. Ammo mamlakat Oliy sudining konservativlashishi bilan bu harakatlardan voz kechdik. Maktablarga integratsion dasturlarini yopishga ruxsat berildi”, - deydi Kaliforniya universiteti professori.

Uning aytishicha, fuqaro huquqlari uchun kurash yillarida qo’llangan desegregatsiya usullarini qayta joriy etish, farzandi uchun maktab tanlashni ota-onalarga qo’yib berish lozim.