Misrda namoyishchilar prezident iste'fosini talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tahrir maydoni, Qohira, 30-iyun 2013.

Misr Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 30-iyun kuni prezident Muhammad Mursiy iste’fosini talab qilib, ko’chalarga uch million odam chiqdi. Yakshanba kungi hodisalar 2011-yil 25-yanvar kuni boshlanib Husni Muborak iste’fosi bilan tugagan namoyishlarni eslatdi.

Jazirama issiqqa qaramay, minglab qohiraliklar mashhur Tahrir maydonida to’plandi. Ular prezident Mursiydan iste’fo berishni hamda yangi saylov o’tkazishni talab qildi.

Muxolifat liderlari Muhammad al-Baradey va Amir Mussa o’z tarafdorlari bilan poytaxt ko’chalaridan Tahrir maydonigacha yurib o’tdi. Armiyaga tegishli vertolyotlar esa tepadan shahar markazidagi vaziyatni kuzatib bordi.

Mursiyning tarafdorlari ham uch kundan buyon prezident saroyi yaqinidagi Ruba Adaviya masjidi oldida yig’ilmoqda.

Diniy yetakchilar odamlarga murojaat qilib, Mursiyning qonuniy saylovda g’alaba qozonganini eslatib, uni hokimiyatdan haydash notog’ri bo’lishini ta’kidladi.

Prezidentga qarshi chiqayotgan faollar “Tamarud”, ya’ni “Isyon” nomli guruh tuzdi. Ular Mursiyning iste’fosini talab qiluvchi bayonotga 22 million odam imzo qo’yganini aytmoqda.

Mursiyning tarafdorlari esa uning hokimiyatda qolishini so’rab, 11 million ovoz to'plagan.

Prezidentga qarshi namoyishlar Misrning ikkinchi eng katta shahri Iskandariyada ham bo’lib o’tdi. Minglab odamlar tinch namoyish uyushtirdi. Port Said, Qina, Mahalla al-Kubra va Bani Suvayf shaharlarida ham namoyishlar bo’lib o’tgan.

Bani Suvayfda “Musulmon birodarlar” idorasiga o’t qo’yilgani aytilmoqda. Xabarlarga ko’ra, so’nggi 72 soat ichida tashkilotga qarashli yana besh-olti idora hujumga uchragan.

Prezident so’zlovchisi Ihab Fahimiy jurnalistlarga namoyishlar erkin jamiyatning bir qismi ekanini aytib, aholidan zo’ravonlikka berilmaslikni so’radi.

"Qon to’kilishiga yo’l qo’ymaylik", - dedi rasmiy.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1692421&w=480&h=416&skin=embeded