Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy Arab ligasi qoshida tuzilishi ko'zda tutilayotgan Arablar qo'shma harbiy kuchlariga Misr ham qo'shilish niyatida ekanini bildirdi.
Yaqinda Liviyada "Islomiy davlat" jangarilari misrlik 21 qibtiy nasoroni qatl etgach, Misr armiyasi bu mamlakatdagi jangari manzillarini havodan o'qqa tutgan edi.
Sissiyga ko'ra, Misr hech qachon boshqa bir davlatga hujum qilmaydi yoki bosqin uyushtirmaydi. So'nggi holatda ham biz o'z hududimizni tark etmasdan turib vatanimizni himoya qildik, deydi u.
O'tgan hafta bo'lib o'tgan Arab ligasi tashqi ishlar vazirlari yig'inida Birlashgan Arab harbiy kuchlarini tashkil etish haqida so'z borgan. Misr rahbari bu tashabbusni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Birlashgan Arab kuchlariga ehtiyoj borgan sari oshib bormoqda, dedi u. Shuningdek, Sissiyga ko'ra, bunday kuch mintaqa yuzlashib turgan muammolarni bartaraf etishda qo'l keladi.
Qo'shnilardan Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya Misrning Liviya ichida amalga oshirgan havo hujumlarini yoqladi. Ammo Qatar amaliyotga o'z e'tirozini bildirdi. 2013-yil Misrda Prezident Muhammad Mursiy harbiylar tomonidan hokimiyatdan ag'darilgandan beri Doxaning Qohira bilan aloqalari taranglashgan."Al-Hayat" gazetasi chop etgan maqolaga ko'ra, Arab mudofaa kuchlari ilk bor o'tgan asrning 50-yillarida mintaqa davlatlari Isroilga qarshi kurash olib borganda tashkil etilgan. 1991-yil Quvaytni ozod etish amaliyotida ham Misr ishtirok etgan edi.
Beyrutdagi Amerika universiteti professori Hilal Hasanning aytishicha, ilgari arablar bir necha bor birlashgan bo'lsa ham, bu harakatlarning barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Saudiya Arabistoning yangi Qiroli Salmon endi Misr va Turkiyani o'z ichiga oluvchi "sunniylar qo'shini"ni tuzmoqchi, deydi u.
"Yangi qirol Salmon Prezident Sissiyni "Musulmon birodarlar" bilan ixtiloflarni bir yoqli qilishga chaqirib, shu bilan Turkiya-Misr aloqalarining yaxshilanishiga umid qilmoqda. Salmon Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Misr va Turkiyani o'z ichiga oluvchi sunniy harbiy kuchlarini tuzmoqchi", - deydi professor.
Misrda terrorchi tashkilot deya e'lon qilingan "Musulmon birodarlar" partiyasining bir qator yetakchilari Turkiyadan panoh topgan. Anqara va Qohira o'rtasida aloqalar o'ta tarang bo'lgan bir paytda bu mamlakatlarning Saudiya Arabistoni vositachiligida bir-biriga qayta yaqinlashishiga ko'pchilik shubha bilan qaraydi.