Misrga safar qilayotgan AQsh Davlat kotibi Xillari Klinton bugun Tahrir maydoni – sobiq rahbar Husni Muborakka qarshi o’tgan oy kechgan namoyishlar markazida bo’ldi.
“Maydon xalq qudrati va irodasi, inson huquqlari va demokratiya ramziga aylandi”, - deydi Klinton.
Poytaxtda misrliklar bilan qo’l olib ko’rishgan Klinton Bosh vazir Essam Sharaf bilan gaplashdi.
Ikki kunlik tashrif bilan borgan vazira Misr hukumatini demokratik islohotlarga chaqirdi. Amerika diplomati huquq faollari bilan ham muloqot qilishi kutilmoqda.
Qohiradagi muxbirimiz Elizabet Erron xabariga ko’ra, Klinton moliyaviy va siyosiy madad va’da qilgan. Misr ahliga tahsinlar aytgan.
“Tarix sahifalarini bitgan Misr xalqidir”, - deydi Amerika rasmiysi.
“To’siqlarni yengib, erkinlik, demokratiya sari olg’a qadam qo’ydingiz. Qo’shma Shtatlar, prezident Barak Obama va men sizni har jihatdan qo’llaymiz”, - deydi Xillari Klinton.
Misr yangi Tashqi ishlar vaziri Nabil Elarabiy bilan ko’rishgan Klinton qator yordam loyihalarini tilga oldi.
90 million dollarlik iqtisodiy madad, tadbirkorlarni qo’llash uchun AQSh-Misr jamg’armasini ta’sis etish, boj to’lovlaridan xoli erkin savdo-sarmoya zonasi yaratish mana shular jumlasidan.
Elarabiy Xillari Klinton bilan siyosat, Yaqin Sharq, Liviya, Falastinga doir mavzularni muhokama qilgan. “Aloqalar jadal rivojlanadi degan umiddamiz”, - deydi u.
Amerika Tashi ishlar vazirasi Misrdagi namoyishlarga ilhom bergan insonlar, faollar bilan ham gaplashadi.
Ulardan biri Xisham Qosim moliyaviy yordamdan mamnun. Lekin har qanday madadning asosiy sharti siyosiy islohot bo’lishi kerak, deydi u. Saylovlar, xavfsizlik, adliya kabi sohalarda reformalar bilan chambarchas bog’liq bo’lsin bu ko’mak, deydi u.