Muborak islohotlar va’da qildi, namoyishlar tinmayapti

  • Amerika Ovozi

Tahrir maydoni

Qohiraning “Tahrir” maydonida hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda, ammo shahar ahli sekin-asta kundalik yumushlarga qaytmoqda.

Minglab namoyishchilar esa kurashni davom ettirish qarorida qat’iy.

Ular fuqarolarni bo’sh kelmaslikka, 30 yillik prezident Husni Muborakdan qutulishga undamoqda.

Boshqalar esa 15 kundan buyon tinmayotgan to’polondan charchagan.

Ba’zilar nazarida hukumat ko’zlagan maqsadiga erishdi: aprel oyidan davlat xizmatchilarining maosh va pensiyalari 15 foizga oshadigan.

Ziddiyat birmuncha kamayar ekan, Muborak ma’muriyati o’ziga jinday vaqt yutib oldi.

Misr prezidenti demokratik islohotlar va’da qilgan. Jarayonni kuzatish uchun ikki qo’mita tuzildi. Biri konstitutsion reformalarni rejalaydi, ikkinchisi ijro etadi.

Muborak bahorda davlat xizmatchilarining maoshi va pensiyalarini 15 foizga oshirishga va'da bermoqda

Maqsad -- prezident saylovlarida nomzodlarga talabni yumshatish va prezident xizmat muddatini qisqartirish. Muxolifatning asosiy shartlari ham shu.

Misr vitse-prezidenti Umar Sulaymon “Tahrir” maydonidagi qonli to’qnashuvlarni tergov qilib, aybdorlarni jazolashga so’z bergan.

Bu ish maxsus komitetga yuklanadi. Lekin uning tarkibiga kimlar kirishi, qanday tanlanishi haqida rasmiy lom-mim demagan.

Umar Sulaymon islohotlar masalasini muxolif partiyalar, jumladan “Musulmon Birodarlar” bilan muhokama qildi.

Uzoq yillar man qilingan bu islomiy harakat Muborak darhol ishdan ketsin deb turib olgan.

Biroq prezident kuzga qadar ishda qolishini, muddati bitgach ketishini va saylovlar uchun zarur sharoit yaratib berishini aytmoqda.