Misrda harbiy boshqaruvga qarshi tinimsiz namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Qohiraning "Tahrir" maydoni, 10-fevral, 2012

Misrda Husni Muborak hokimiyatdan ketganiga bir yil bo’ldi. Shu munosabat bilan mamlakat bo’ylab keng ko’lamli namoyishlar uyushtirilgan. Unda odamlar harbiy boshqaruv ketsin, fuqaro rahbariyati joriy etilsin degan talabni qo’ymoqda.

Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi, hozir Misrni idora etayotgan harbiylar, bu yil yozda boshqaruv fuqaro qo’liga o’tadi, yangi parlament va yangi prezident bo’ladi deb xalqni tinchlanishga chaqirmoqda.

Kecha minglab odam Qohirada Mudofaa vazirligini qurshab olgan. Ular harbiylarga ishonmasligini aytib, Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi hokimiyatni boy bermaslik uchun siyosatchilarga bosim o’tkazayotganini da’vo qiladi.

Iyun oyigacha Misrda yangi prezident saylanishi kerak. Yangi saylangan parlament esa endigina ish boshlamoqda. Unda islomiy partiyalar eng ko’p o’ringa ega.