Eron islomiy inqilobidan 32 yil o'tib, Misrda xalq Muborakni ag'dardi

  • Amerika Ovozi

Eron islomiy inqilobidan 32 yil o'tib, Misrda xalq Muborakni ag'dardi

Eron islomiy inqilobning 32 yilligini nishonlayotgan bir pallada Misrda kecha mamlakatni uzoq davr boshqargan prezident omma chiqishlari natijasida hokimiyatdan ketdi.

Ba’zi mutaxassislar nazarida Misrdagi namoyishlarda islomiy ruhdagi guruhlar ta’siri uncha sezilmasa-da, mamlakat inqilobdan keyingi Eron yo’lidan borishi mumkin.

Ammo aksariyat tahlilchilar bunday qarashdan yiroq. Misrdagi namoyishlar ortida diniy omil yo’q, deydi ular.

Misrni 30 yil boshqargan Husni Muborakni prezidentlikdan haydagan millionlab namoyishchilarni qanday kuch ko’chaga chiqardi degan savol hali ko’p o’rganiladi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Misr Eron siyosiy tizimini tubdan o’zgartirgan yirik o’zgarishlarga yuz tutishi mumkin.

Eronda 1979-yildagi islomiy inqilob natijasida monarxiya qulagan edi. Ammo hamma ham bu xulosaga qo’shilmaydi.

"Tahrir" maydonidagi namoyishlarni o’z ko’zi bilan ko’rgan tahlilchi, Londondagi radikalizatsiya hollarini o’rganuvchi xalqaro markaz xodimi Sheroz Maherning aytishicha, bu diniy harakat emas.

"Namoyishchi yigit-qizlar bilan suhbatlashib, gap inson huquqlari, erkinlik, inson qadri haqida ekaniga amin bo’ldim",- deydi tahlilchi.

1979-yil Eron ko’chalarida tasvirga tushirilgan manzarani Misrdagi namoyishlarga taqqoslaganda katta o’xshashlik bordek tuyuladi.

Eronda o’shanda AQSh bilan ittifoqdosh shoh tuzumi qulab, Oyatullo Ho’mayniy mamlakatni islomiy respublika deb e’lon qildi.

Eronda tug’ilgan tahlilchi Hajir Teymuryan inqilob kunlari jurnalisti sifatida xalqaro matbuot uchun jarayonni yoritayotgan edi. Eron va Misrda ba’zi o’xshashliklar bor, deydi u.

Eron ahli o’shanda “Biz shohdan qutulsak bas, qolganini keyin o’zaro kelishib olamiz” degan edi.

"Misrda ham xuddi shu xatoga guvoh bo’lyapmiz. Gap faqat Muborakning hokimiyatdan ketishidamasku. Misrdagi kuchlarni tarqoq deb o’ylayman",- deydi Teymuryan.

Misrda omma muayyan bir muxolif guruhni qo’llab-quvvatlamaydi.

“Musulmon birodarlar” harakatining omma orasida obro’si baland bo’lgani bilan, guruh hokimiyatga intilmasligini, islomiy davlat tuzish niyati yo’qligini aytadi.

Tahlilchi Sheroz Mahirning aytishicha, Amerika va G’arb uzoq kutmay namoyishchilarni tezroq olqishlashi kerak edi.

Tushkunlikka tusha boshlagan xalq “nega endi o’zingizga ep ko’rgan qadriyat va erkinliklarni bizga ravo ko’rmayapsiz” deya G’arbdan ko’ngli qolayotgan edi. Islomiy guruhlar G’arbning bunday befarqligidan o’z manfaati yo’lida foydalanishi mumkin edi, deydi Mahir.

Uning aytishicha, Misrda yaxshi uyushgan radikal musulmon guruhlar tarmog’i mavjud. Biroq namoyishchilar ularga murojaat etmadi.

Erondagi inqilob paytida esa barcha Oyatullo Humayniyga ergashgan.

Tahlilchi Hajir Teymuryan Misr kelajagiga nazar tashlar ekan, umidlanishga sabab yo’q, deydi.

Asr o’rtalariga borib Misr aholisi 85 milliondan 120 millionga o’sishi kutilmoqda. Ularning uchdan bir qismi hali 15 ga kirmagan yoshlar. 60 foizi esa 30 ga ham to’lmagan. Yoshlarning umidlarini hech bir hukumat ro’yobga chiqara olmasa kerak deb o’ylayman – xoh u demokratik bo’lsin, xoh diniy, deydi mutaxassis.

"Biroq bir narsaga shubham yo’q",- deydi Teymuryan.

“Misrdagi kabi o’zgarishlar dunyoning boshqa chekkalarida ham aks-sado berishi muqarrar”.

http://www.youtube.com/embed/j4QDtzkgbdY