Misr faollari inqilobni himoya qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Misrda Musulmon birodarlar namoyishi

2011-yilda Misrda demokratik o’zgarishlarni ko’zda tutgan xalq g’alayonidan keyingi ikki yarim yilda mamlakatni uch hukumat boshqardi. Biri islomiy, ikkisi esa harbiylar yetakchiligidagi hukumat. .

2011-yil yanvarida xalq mamlakatni 30 yil boshqargan prezident Husni Muborakka qarshi bosh ko’tarib, erkinlik, hurmat va ijtimoiy adolat talab qildi.

So’ng aynan shu odamlar Misr boshqaruvini vaqtincha qo’lga olgan harbiy kengashga ham qarshi namoyish qildi.

Keyin esa demokratik ravishda saylangan prezident Muhammad Mursiyga qarshi yana bir bor ko’chaga chiqdi.

Xalq dengizdir, xalq kuchdir, biroq aynan shu xalq vakillaridan hech kim hukumatga kirmadi.

Faol Voil Xalilning aytishicha, bu demokratik harakatning katta muvaffaqiyatsizligi bo’ldi.

"Rejimlarga qarshi chiqdik, o’zgarishlarga sabab bo’ldik, ammo xohishimizni o’tkaza olmadik", - deydi u.

Xalil siyosatning murakkab va alg’ov-dalg’ov ekanini biladi, shuning uchun u bilan shug’ullanmaydi. Biroq, deydi faol, 2011-yil inqilobiga ishongan odamlar olg’a qadam tashlashi kerak.

"Yengni shimarib, astoydil ishga kirishish kerak, chunki bizdan boshqa bu ishni oxirigacha hech kim yetkaza olmaydi", - deydi Voil Xalil.

Siyosatga kirganlarga esa malomat toshlari yog’ildi. Milliy xalos fronti a’zolari ishni eplay olmaganlikda va ichki nizolarga berilib ketganlikda ayblandi.

Sharhlovchi Raniya al-Malkiyning aytishicha, Misr muxolifati so’nggi bir yilda konstruktiv ish qilmadi, inqilob boshida turmagan va uni qo’llab-quvvatlamagan.

Haqiqiy muxolifatga hech yo’l berilmadi, deydi tahlilchi.

"Haqiqiy inqilobchilar safiga Muborak rejimining aksil-inqilobchilari suqilib kirdi", - deydi Raniya al-Malkiy.

Va bu aksil-inqilobchilar, deydi u, yana g’alaba qozondi. Malkiy vaziyat 2011-yil inqilobidan oldingi holatga qaytdi, tanqidchilar esa ta’qibga olinmoqda, deya xavotir bildiradi.

So’nggi haftalarda hokimiyatdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiyga sodiq “Musulmon birodarlar” harakati, jurnalistlar, harbiylarga qarshi chiqqan faollar hibsga olingan.

Muvaqqat vitse-prezident va Milliy xalos fronti yetakchisi Muhammad al-Barodiy qon to’kilishlarini qoralab, iste’fo berdi. Harbiylari uni milliy ishonchni poymol qilganlikda aybladi.

Voil Xalilning aytishicha, Misr birinchi marta bunday vaziyatda bo’lishi emas.

"Bunga Muborak boshqargan yillarda guvoh bo’lganmiz. Oldin islomiy guruhlarni tazyiqqa olishdi, so’ng 90-yillarda politsiya hammani siquvga ola boshladi", - deydi faol.