Misr va Turkiya Liviya bo’yicha hamkorlik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Liviyada neft eksportidan tushayotgan daromadni boshqaruvchi markaziy bank ustidan nazorat bo’yicha kelishmovchiliklar qizg’in munozaralar orqali hal etilishi ketidan mamlakat boshqaruvini o’zaro bo’lib olgan ikki guruh joriy oyda eksportni jonlantirishga kelishib oldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-oktabr, 2024-yil - BRIKS yangi Jahon banki bo'lmoqchimi?

“Muammo qisman hal bo’ldi, xolos. Ko’plab o’yinchilar, jumladan Tripolidagi qurolli guruhlar so’nggi bir necha haftada ro’y bergan voqealardan foyda ko’rishga harakat qildi. Urush bo’ladi deb o’ylamayman, ammo vaziyat ancha notinch”, - deydi londonlik tahlilchi Jalol Xarjuiy.

NATO Liviyani 2011-yilda bombardimon qilishi ketidan mamlakatda boshlangan fuqarolar urushidan so’ng hukumat ikkiga bo’lindi. Turkiya poytaxt Tripolidagi Milliy birlik hukumatini, Misr Bing’ozida Xalifa Haftar rahbarligidagi ma’muriyatni qo’llab-quvvatladi. Bu o’z navbatida ikki mamlakat aloqalarini taranglashtirdi.

Anqara va Qohira o’tgan yildan beri aloqalarini ancha yaxshilab oldi. Natijada Liviyada siyosiy ziddiyatlarni yumshatishga umid paydo bo’ldi.

Sentabr oyida Anqaraga tashrif buyurgan Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy Turkiya rahbari bilan Liviya masalasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdi.

“Har ikki mamlakat Tripoli va Bing’ozidagi hukumatlarni murosaga kelishga, muayyan shartlarni qabul qilishga ko’ndira oladi. Bundan Misrga ham, Turkiyaga ham foyda”, - deydi Anqaradagi Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy izlanish jamg’armasidan Murat Aslan.

Turkiya va Misr iqtisodiyotlaridagi tushkunlik, tahlilchilar nazarida, bu ikki mamlakatni Liviyada hamkorlik orqali foyda ko’rishga va yanada yaqinlashishga majburlaydi.

“Bu ikki mamlakat Liviya sharqida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Turk va Misr kompaniyalari daromadli kontraktlarni qo’lga kiritgan. Iqtisodiyot va pul siyosiy do’stlik va yaqinlashishga yaxshigina turki beradi”, - deydi Liviya bo’yicha mutaxassis Aya Burveyla.

Turkiya Milliy birlik hukumati bilan Liviya suvlaridagi yonilg’i zaxiralarini o’rganishga kelishgan va Qohiradan Haftar ma’muriyatini ushbu kelishuvni qo’llab-quvvatlashga ko’ndirishni so’ramoqda. Misr o’z navbatida Milliy birlik hukumatining Bosh vaziri Abdul Hamid Dbaybani hokimiyatdan olishni so’rab Anqaraga murojaat qilgan.