Misrda AQShning bir necha gumanitar tashkilotiga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgan. Ular aholi orasida hukumatga qarshi kayfiyatni avj oldirib, namoyishlar rejalaganlikda ayblanmoqda. O’nlab xodimlari sud qilinishi mumkin, jumladan 19 amerikalik.
Da’vo shuki, Amerika nodavlat tashkilotlari Misr xalqiga pul berib, harbiy hukumatga qarshi qayramoqda. Misr mulozimlaridan biri Vashingtonni atayin mamlakat tinchini buzayotganlikda va farovon taraqqiyotga yo’l bermayotganlikda ayblagach, aloqalar keskin taranglashdi.
Misr politsiyasi dekabrda xorijdan moliya oluvchi 17 nodavlat tashkilotning idoralarini tintuv qilib, hujjat hamda kompyuterlarni musodara qildi. Obama ma’muriyati 1 milliard dollarlik yordamni kesishini aytib, barcha faollarni qo’yib yuborishni talab qildi. Jami 43 faol tergov ostida, Amerika fuqarolari mamlakatni tark etishi taqiqlangan.
AQSh Davlat kotibining Inson huquqlari va demokratiya targ'iboti bo'yicha muovini Maykl Pozner (Michael Posner) Misr rahbariyatini nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklamaslikka da’vat etadi.
Sud qilinishi kutilayotgan tashkilotlardan to’rttasi Vashingtonda asoslangan va AQSh hukumatidan ham pul oladi. Amerika Demokratiya Instituti (National Democratic Institute) va Xalqaro Respublikachilar Instituti (International Republican Institute) kabilar demokratik qadriyatlarni targ’ib qilib nafaqat Misr, balki boshqa o’nlab davlatlarda faoliyat yuritadi. Ikki tashkilot siyosiy partiyalarga saylovoldi dasturlarni ishlab chiqishni o’rgatadi. Kuzatuvchilar malakasini charxlab, huquq himoyasi bilan mashg’ul guruhlar savodini oshiradi.
Namoyishlarni moliyalab, partiyalarni yoqlagan emasmiz, deydi faollar.
“Demokratiya uchun xolis, erkin saylovlar hamda kuchli, ozod fuqaro jamiyati birday muhim ekanini tushunish kerak. Nodavlat tashkilotlar ana shunday tasavvurni shakllantirish uchun ham Misrda, ham dunyoning boshqa burchaklarida ishlamoqda. Misr yoki Amerikaning bu kabi tashkilotlari g’alamislik, xurujlar bilan shug’ullanayotgani yo’q. Bu shubhalar mutlaqo o’rinsiz. Ikki davlat mazkur muammoni hal qila olishi lozim”,- deydi Dann.
30 yildirki Qo’shma Shtatlar moliyalovchi va demokratiyani kuylovchi tashkilotlar Rossiya, Zimbabve, Venesuela, O’zbekiston kabi davlatlarda xizmat qiladi. Ular ta’qibga uchragan, buzg’unchilikda gumon qilinib, haydalgan hollar yangilik emas.
“Misr davlat televideniye va radiosi bu nodavlat tashkilotlarga tashlanib, Amerikaning yugurdagi deb atamoqda…”,- deydi Treyger.
Misr rahbariyati oraga siyosatni aralashtirmang, gap faqat nodavlat tashkilotlar ruxsatsiz ish yuritgani va qonunni buzgani haqida ketmoqda, deya tinchlantirishga urinmoqda.