Misr Bosh vaziri Ahmad Shafiq Qohira markazida kuzatilgan qonli to’qnashuvlar uchun xalqdan kechirim so’rab, tekshiruv o’tkazishni va’da qilmoqda.
Kecha “Tahrir” maydonida prezident Husni Muborak tarafdorlari va uning hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan namoyishchilar bir-biri bilan olishgan. Tomonlar o’q almashib, 8 kishi jon bergan, 830 fuqaro jarohat olgani ma’lum.
Namoyishchilarning aytishicha, ot va tuya minib, qilich va tayoqlar bilan ularga hujum qilgan shaxslar aslida hukumatning odamlari, maxsus kuchlar. Ammo Misr ichki ishlar vazirligi bu voqeada qo’li borligini rad etmoqda.
Bosh vazir Ahmad Shafiq namoyishchilarni uy-uyiga tarqalishga chaqirar ekan, bu jinoyat ortida kim turganini albatta aniqlaymiz va jazolaymiz, deb xalqni tinchlantirishga urindi.
Komendant soati joriy etilganiga qaramasdan “Tahrir” maydoni bugun ham odamlar bilan gavjum. Harbiylar raqib guruhlarni bir-biridan ajratib, tinchlikni saqlashga urinmoqda.
Muxolifat yetakchisi Muhammad al-Barodiy prezident Muborakni odamlarni qo’rqitishga harakat qilayotganlikda ayblagan. “Musulmon Birodarlar” siyosiy-diniy harakati Muborak ketmaguncha hukumat bilan muzokara qilmoqchi emas.
Siyosiy dissident va prezidentlikka sobiq nomzod Ayman Nur beqarorlik urug’ini sochayotgan hukumatning o’zi deydi. Uning ta’kidlashicha, “muxolifat dialog boshlashga tayyor, biroq prezident bu jarayondan chetda turishi lozim”.
Oq uy 10 gan yaqin odamning hayotiga zomin bo’lgan zo’ravonliklarni qoralamoqda.
Barak Obama Husni Muborak bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan islohotlar boshlashga chaqirgan. Ammo Oq uy uzoq yillik ittifoqchisi Husni Muborak hokimiyatdan ketsin deb oshkora aytmayapti.
Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krovli deydiki, Husni Muborak muddatining oxirigacha prezidentlikda qolib, o’tish davri tinch-osuda kechishini ta’minlashga va’da bergan.
“Shu kungacha tinch namoyish qilib kelgan xaloyiqqa kim hujum qilishni buyurganini bilmaymz. Ammo ularni javobgarlikka tortish zarur”, - deydi rasmiy.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misr yangi vitse-prezidenti Umar Sulaymondan tekshiruv boshlashni so’ragan.
http://www.youtube.com/embed/q-wzYYg89S8
BMT, Yevropa Ittifoqi va xalqaro huquq tashkilotlari ham Misrda vaziyat izdan chiqayotganini chuqur xavotir bilan kuzatmoqda. Fransiya, Germaniya, Britaniya, Italiya va Ispaniya qo’shma bayonot berib, zudlik bilan hukumatni yangilashga chaqirgan.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti nazarida esa AQSh va Yevropa bosimisiz bu jarayon uzoqqa cho’zilishi turgan gap.
Qo’shni Isroil hukumati Misrda demokratik tuzum vujudga keladi degan umidda. “Lekin vaziyat hali beri o’nglanmasa, yahudiy davlati mudofaa salohiyatini oshirishiga to’g’ri keladi”, - deydi bosh vazir Benyamin Netanyaxu.
Ayni damda xorijiy davlatlar Misrdan o’z fuqarolarini evakuatsiya qilish bilan band. AQSh hozirgacha 1900 fuqarosisini olib chiqqan.