Qohiradagi to'qnashuvlar maxsus kuchlar ishi bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Qohira, 4 fevral 2011

Misrda hukumatga qarshi namoyishlar qonli tus olib, so’nggi 2-3 kunda bir necha kishi halok bo’lgan. Tahlilchilar nazarida bunda mamlakat razvedka va xavfsizlik xizmatlarining qo’li bor.

Prezident Husni Muborak vitse-prezident lavozimiga tanlagan arbob – Umar Sulaymon avval razvedkani boshqargan. Bu tuzilma xalq orasida qonxo’r organ sifatida tanilgan.

Sharqshunos olim, AQSh Armiya oliygohi professori Larri Gudson deydiki, Qohiraning “Tahrir”, ya’ni “Ozodlik” maydonida namoyishchilarga qarshi hujum hukumat qo’li bilan uyushtirilganiga shubha yo’q.

Qohiradagi to'qnashuvlar maxsus kuchlar ishi bo'lishi mumkin

“Armiya va tanklar bir chetda turib, olomon ichiga ot va tuyalar bilan bostirib kirgan chavandozlarni ko’rgan kishi faqat bir xulosaga kelishi mumkin.Hukumat g’ulg’ula va sarosima ko’tarish uchun odamlarni yollagan, buzg’unchi to’dalarni ishga solgan”, - deydi Larri Gudson.

Misr Ichki ishlar vazirligi bu ishga aloqamiz yo’q deb bayonot berdi. Biroq bu davlat xavfsizlik tizimini mufassal o’rgangan tahlilchi Oven Sirs boshqacha fikrda.

Qohiradagi to'qnashuvlar maxsus kuchlar ishi bo'lishi mumkin

“Vitse-prezident etib tayinlangan general Umar Sulaymon, Misr razvedkasining uzoq yillik rahbari, bu ishga to’g’ridan to’g’ri aloqador bo’lsa ajablanmayman. Biz prezident tarafdorimiz deb chiqayotganlarni, nazarimda, xavfsizlik apparati yollagan va boshqarmoqda”, - deydi mutaxassis.

Vitse-prezident lavozimi Husni Muborak hokimiyatga kelganidan beri ilk bor, qattiq bosim ostida 29 yanvar kuni ta’sis etildi. General Sulaymon, Muborakning yaqin maslahatchisi, ham ichki, ham tashqi siyosat va ayniqsa xavfsizlik bobida.

A

G’arbda chop etiluvchi “Foreign Policy”, “Tashqi Siyosat” jurnali uni 2009 yili arab dunyosidagi eng nufuzli boshqarma rahbari deb atagan edi.

Tahlilchi Oven Sirs deydiki, diktatura hukmron boshqa jamiyatlarda bo’lgani kabi Misrda ham inson huquqlariga nisbatan munosabat ayanchli.

“Umar Sulaymon yangi lavozimga o’tgani bilan odamlarga buning ahamiyati yo’q. Sulaymon ular uchun birinchi navbatda diktatorning maslakdoshi, shuningdek, xalq nafratlanadigan organ boshlig’i”, - deydi Sirs.

“Repressiya, azob va qiynoqlar deganda uning nomi tilga olinadi. Turmalardagi ahvol xalqaro hisobotlarda batafsil yoritilgan”.

Misr razvedkasi, shuningdek, AQSh Markaziy Razvedka Agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgani hech kimga sir emas, ayniqsa terrorizmga qarshi kurash doirasida.

Qohiradagi to'qnashuvlar maxsus kuchlar ishi bo'lishi mumkin

Misr Ichki ishlar vazirligi ham o’z razvedka tizimiga ega bo’lib, ba’zi hisoblarga ko’ra mamlakat bo’ylab bir million xabarchi-ayg’oqchisi bor.

Siyosiy dissident va muxolifatchilarni ta’qib qilishda ularga yetadigani yo’q.

“Ular hukumat ko’rsatmasi bilan o’taketgan vahshiy va jirkanch ishlarni bajaradi. Tanqidchi va muxolifatchilarni aniqlab, qo’lga olib, qiynab o’ldirishgan hollar juda ko’p”, - deydi bu borada izlanib, kitob yozgan Oven Sirs.

Olim ta’biricha, Misrdagi krizis oxir-oqibat qanday hal bo’lishi ko’p jihatdan harbiy razvedkaga ham bog’liq.

Mazkur tuzilma namoyishlarni bostirishda bevosita ishtirok etmaydi, lekin qurolli kuchlar safida kim prezidentdan yuz o’girmoqda - oddiy askardan tortib qo’mondonlargacha, buni aniqlab, chora ko’rish uning zimmasida.

Misr armiyasi hozircha neytral bir pozitsiyada, deydi ekspertlar, ammo mamlakat taqdirini oxir-oqibat ular hal qiladi.

http://www.youtube.com/embed/1TsS5xt4G6g