Tramp-Bayden: Ikki ekspertdan ikki xil bashorat

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ommaviy so’rovlar Jo Bayden reytinglarda Donald Trampdan oldinda ekanini ko’rsatmoqda. Ammo so’rovlar doim ham to’g’ri emas.

2016-yildan bilamizki, so’rovlar noto’g’ri bo’lishi mumkin. Avvalgi prezidentlik saylovlari natijasini to’g’ri bashorat qila olgan ikki ekspertga murojaat qildik.

Alan Lixtman - Amerika universitetida tarix professori. 1984-yildan beri o’tgan to’qqizta prezidentlik saylovi natijasini to’g’ri bashorat qilgan.

Helmut Norpot - siyosiy fanlar professori. Uning formulasi bo’yicha 1912-yildan beri o’tgan 27 saylovdan 25 tasining natijasi to’g’ri bashorat qilingan.

Lixtmanning sistemasi 13 “kalitdan” iborat. Iqtisod, tashqi siyosat, partiyaviy birdamlik va nomzod xarizmasini hisobga oladi. Savol-javob asosida qayta saylanishga harakat qilayotgan amaldagi prezidentga yoki uning raqibiga ochko yoziladi.

Buni ham ko'ring Saylov oldidan Donald Trampga qanday baho berilmoqda?

Norpot esa 1912-yildan beri o’tkazilgan saylovlar statistikasini kuzatib keladi. Uning modelida asosiy ko’rsatkich shtatma-shtat o’tadigan partiyaviy saylovlarda qaysi nomzod g’alaba qilganidir.

“Oq uy bir partiyadan ikkinchisiga ikki-uch muhlatdan keyin o’tishini ham hisobga olaman”, - deydi Norpot.

Norpot fikricha, Trampning qayta saylanish ehtimoli 91 foizga teng. Lixtmanga ko’ra esa Tramp saylovda yutqazadi. Lixtman pandemiya va namoyishlardan keyin bashoratini o’zgartirgan.

2019-yil oxirigacha ustunlik Tramp tomonida edi, deydi u.

“Atigi bir necha oy ilgari Tramp va respublikachilar ishonchli g’alaba oldida turganini aytgan edim. Endi esa modelimdagi yetti faktor Tramp va uning partiyasi mag’lub bo’lishini ko’rsatyapti”, - deydi Lixtman.

Pandemiya va namoyishlar Helmut Norpotning xulosasini o’zgartirmaydi.

Buni ham ko'ring Tramp yo Bayden? Poyga natijasini bir necha shtat hal qiladi

“Bashoratim shartsiz va yakuniy. Xuddi toshda yozilgandek, o’zgarmaydi, egilmaydi. Albatta, noto’g’ri bo’lishining 9 foizlik ehtimoli bor. Shuni tan olaman”, - deydi u.

Har ikki mutaxassis xulosasi yakuniy ekanini aytsa-da, Alan Lixtman ikki omilni nazorat qilib bo’lmasligini qayd etadi: saylovga aralashuv hamda ovoz berishni qiyinlashtirish.

“Respublikachilar oq tanli keksalar ovoziga tayanadi. Torayib borayotgan kategoriya bu. Partiya oq tanli keksalar sonini ko’paytira olmaydi, lekin demokratlarga ovoz beradigan ozchilik guruhlar va yoshlarning ovoz berishini qiyinlashtirishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Lixtman ham, Norpot ham ommaviy so’rovlar bilan mutlaqo qiziqmaydi.

“Odamlarni uyaltirish, qoralash, chetlatish zamonida yashayapmiz. Ba’zilar Donald Trampni qo’llab-quvvatlasa ham hatto so’rovda buni tan olmasligi mumkin. Chunki omma fikridan qo’rqadi”, - deydi Norpot.

Ikki mutaxassisdan ikki xil bashorat. Saylov 3-noyabrda o’tadi.