Gruziya muxolifati saylov natijalarini tan olmayapti. Va boshqa saylovlar haqida

  • Amerika Ovozi

Gruziyada shanba kuni o’tgan parlament saylovida hukmron “Gruziya Orzusi” partiyasi 54 foiz ovoz bilan g’alaba qozondi. Muxolif partiyalar saylovda ovozlar soxtalashtirilganidan nolib, saylov natijasini boykot qildi, parlamentda ishlashdan bosh tortyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-oktabr, 2024-yil - Isroil Eronning javob hujumiga hozirlanmoqda

“G’alaba shu qadar ravshan va taassurotliki, elektron saylov sharoitida saylov manipulyatsiyasi haqida gapirishga har qanday harakat muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, - deydi Bosh vazir Irakliy Kobaxidze.

Muxolif “O’zgarish uchun koalitsiya” partiyasining raisi saylov natijasini konstitutsion to’ntarish deb atadi.

“Markaziy saylov komissiyasi bergan raqamlardan g’azabdamiz. Ular Gruziya xalqi irodasini ifoda etmaydi. Saylovdan oldin keng qamrovli qo’rqitish, firibgarlik va poraxo’rlik kampaniyasini ko’rdik”, - deydi saylovda 10 foiz to’plagan “Kuchli Gruziya” koalitsiyasining raisi Ana Dolidze.

Saylovni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti missiyasiga ko’ra, parlament saylovi Gruziya demokratiyadan chekinayotganini ko’rsatmoqda.

Tahlilchilar “Gruziya Orzusi”ning g’alabasi natijasida Kobaxidze hukumatining mavqei kuchayib, G’arbdan uzoqlashish va Rossiya bilan yaqinlashuv jarayoni davom etishini taxmin qilmoqda. Biroq Kobaxidze Gruziya Rossiya bilan diplomatik aloqani tiklashga tayyor emasligini aytdi.

Partiya asoschisi, milliarder Bidzina Ivanishvili G’arbni Gruziyani Rossiyaga qarshi urushga tortish harakatida ayblab, uni “global urush partiyasi” deb atadi.

“Biz yo Gruziya xalqi, jamiyati, vatanimizga xizmat qiladigan hukumatni tanlaymiz yoki yolg’iz xorijiy davlat aytganlarini qiladigan xorijiy mamlakat agentlarini”, - dedi Ivanishvili.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili saylovni “rus maxsus amaliyoti” deb atab, uning natijalarini tan olmasligini aytdi, xalqni namoyishga da’vat etdi, dushanba oqshom Tbilisida ko'p sonli norozilik namoyishi o'tkazildi.

"Saylov firibgarlikdan boshqa narsa emas. Ovozlaringizni o’g’irlashdi”, - dedi u muxolif partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvdan so’ng.

“Gruziya Orzusi” 150 o’rinlik parlamentda 91 ta o’rinni qo’lga kiritdi. G’arbga xayrixoh to’rtta muxolif partiyada esa 61 ta o’rin.

AQSh va Yevropa Ittifoqi saylovdagi qonunbuzarliklarni taftish qilishga chaqirishi ketidan Kreml tashqi kuchlarni Gruziyani beqarorlashtirish harakatida aybladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning mamlakati saylovga aralashgani haqidagi da’volarni inkor etdi.

Yaponiya

Parlament saylovi o’tgan hafta Yaponiyada ham o’tkazildi. Siyosiy janjallar natijasida obro’si to’kilgan hukmron Liberal demokratik partiya saylovda mutlaq g’alabaga erisha olmadi, parlamentda ko’pchilikni boy berdi.

Natijada bo’lajak hukumat tarkibi qanday bo’lishi hozircha mavhum. Kuzatuvchilar saylov natijasini Bosh vazir Shigeru Ishiba va partiyasi uchun jazo deb atadi.

LDP va uning hukmron koalitsiyadagi hamkori “Komeyto” partiyasi parlament quyi palatasidagi 465 ta o’rindan atigi 215 tasini qo’lga kiritdi, ya’ni oldingi parlamentdan 60 ta o’rin kam.

Ko’pchilik uchun 233 ta o’ringa ega bo’lish kerak.

Asosiy muxolifat “Yaponiya Konstitutsion demokratik partiyasi” 50 taga ko’p o’rin olib, deputatlari sonini 148 taga yetkazdi.

Bosh vazir Ishibaning mavqeini kuchaytirish maqsadida saylovni erta o‘tkazish tashabbusi hukmron partiyaning o’ziga zarar bo’ldi.

Aytish joiz, Yaponiya parlamentiga 73 ta ayol saylandi. Bu rekord ko’rsatkich.

Litva

O’tgan hafta yana bir necha mamlakatda parlament saylovi bo’lib o’tdi. Xususan Litvada 14-oktabr kuni saylovning birinchi bosqichida parlamentda 20 ta o’rinni qolga kiritgan muxolif sotsial-demokratlar ikkinchi bosqichda 32 ta o’ringa ega bo’ldi va jami 52 ta o’rin bilan 141 a’zolik parlamentni boshqaradigan bo’ldi.

Hukmron koalitsiyaga kirgan “Vatan ittifoqi” ikki hafta oldin 18 ta mandat, “Nemuna tongi” esa 15 ta mandatga ega bo’lgan. Ikki bosqich natijasiga ko’ra, “Vatan ittifoqi”dan parlamentga jami 28 ta vakil kiradigan bo’ldi.

Partiya raisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis raislikdan ketishini, keyingi Seymda qolmasligini aytdi.

Salkam 3 million aholiga ega bu mamlakatda saylov tizimi gibrid bo’lib, xalq parlamentning yarminigina saylaydi, deputatlarning qolgani ikkinchi bosqichda eng ko’p ovoz to’plagan ikki nomzod duelida hal bo’ladi. Bunday tizimdan odatda yirik partiyalar foyda ko’radi.

Bolgariya

Bolgariya saylovida esa markaz-o’ng qanot GERB partiyasi 26 foiz ovoz bilan g’alaba qozondi, biroq parlamentda o’z so’zini o’tkazish uchun koalitsion hukumat tuzishiga to’g’ri keladi.

“O’zgarishlarni davom ettiramiz” deb nmlanuvchi islohotchi partiya salkam 16 foiz bilan marraga ikkinchi bo’lib keldi, ultramillatchi “Tiklanish” partiyasi esa qariyb 15 foiz bilan uchinchi.

So’nggi saylov 9-iyunda o’tkazilgan, biroq siyosiy partiyalar koalitsion hukumat tuzishga kelisha olmagach, 4 yilda yettinchi saylov o’tkazishga to’g’ri keldi.

GERB rahbari va sobiq bosh vazir Boyko Borissovning aytishicha, saylovchilar yangi hukumatdan xavfsizlik va barqarorlikni kutmoqda.

Urugvay

Urugvay esa yakshanba kuni prezidentni sayladi, biroq mutlaq g’olib aniqlanmadi. Kelasi oy bo’ladigan ikkinchi bosqichda markaz-so’lchi siyosatchi Yamandu Orsi va konservator Alvaro Delgado bellashishadi.

“Keng front” partiyasidan nomzod Orsi 41 foiz, uning raqibi Delgado 29 foiz ovoz to’plagan. Uchinchi o’rinda 17 foiz bilan yana bir yosh konservator Andres Oxeda. U ikkinchi bosqichda tabiiyki Delgadoni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Shu kuni nafaqa yoshini besh yilga kamaytirib, 60 ga tushirish hamda qoradori bilan bog’liq jinoyatlarga qarshi kurashda politsiya vakolatini oshirish bo’yicha referendum ham o’tgan. Ekzit pol natijalari har ikki taklif rad etilishini ko’rsatmoqda.

O'zbekiston

O’zbekistonliklar ham o’tgan hafta saylovga chiqdi. Bu masalada o’zgarish yo’q. Markaziy saylov komissiyasi salkam 20 million saylovchidan 15 millioni konstitutsion burchini bajarganini ta’kidlarkan, 150 o’rinlik parlamentda liberal-demokratlar 64 ta, “Milliy tiklanish” 29 ta, “Adolat” 21 ta, XDP 20 ta va yashillar yoki Ekopartiya 16 ta o’rin olganini bildirdi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasi bir mandatli saylov okruglaridan, yana 75 tasi partiyaviy ro‘yxat bo’yicha saylandi.