Elizabet Teylor, Gollivudning afsonaviy yulduzi, olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

Elizabet Taylor 1969 yilda o'sha paytdagi turmush o'rtog'i Richard Burton bilan, Monako

Yaqinda Gollivud yulduzi Elizabet Teylor (Elizabeth Taylor) 79 yoshida yurak xastaligidan vafot etdi.

U bolalikdan boshlab, 70 yil davomida ekrandan tushmadi. Elizabet Teylorni kashf qilganlarida u bor-yo’g’i to’qqiz yoshda edi.

MGM kinokompaniyasi 1944 yilda “Milliy duxoba” filmi uchun bosh rolga binafsharang ko’z qizaloqni tanladi. Ekranga chiqiboq qizcha noyob topilma ekani ayon bo’ldi.

30 yoshida Elizabet Teylor yulduz edi – shaxlo ko’z, kamon qosh talant egasi.

Elizabet Teylor Kleopatra rolida

1956 yilda Rok Xadson bilan birga filmda suratga tushdi.

Sara rollar o’zi Elizabetni topib kela boshladi. 1958 yilda uning ekrandagi hamrohi Pol Nyuman edi.

“Jizg’anak tomda yurgan mushuk” kartinasi Tennesi Vilyams asari asosida suratgan olingan. Liz bu filmda ehtirosga limmo-lim to’la, baxtsiz rafiqa rolini ijro etgan.

1969 yilda “Butterfield 8” kartinasi ekranlarga chiqdi. Fohisha rolini o'ynagan Elizabet Oskar mukofotiga loyiq ko’rildi.

Aktrisa 1963 yilda “Kleopatra” filmida bosh rolni o’ynab, 1 million dollar ish haqi olgan. O’sha paytlar ayol ijrochi uchun bu eng katta gonorar edi.

Elizabet Teylor 1961 yilda "Butterfield 8" filmidagi roli uchun Oskar olgan

Kinoasarda aktyor Richard Burton Mark Antoniy obrazini yaratdi. Ikki yulduz suratga olish maydonida bir-biriga ko’ngil qo’ydi.

Oshiqlar munosabati misli to’fon edi. Ikki bor oila qurib, so’ng yana ajrashdilar, birgalikda suratga tushdilar.

“Virjiniya Vulfdan qo’rqqan kim?” kinoasarida baxtsiz er-xotin bo’lib chiqib, ikkisi ham Oskarni qo’lga kiritdi.

Elizabet Teylorning hayoti filmlardagi rollaridan hech qolishmasdi.

Sakkiz marta erga tegdi. Birinchi turmush o’rtog’i davlatmand Niki Xilton edi. Bir yildan keyin ajrashib ketishdi.

Keyin Elizabet Teylor qo’shiqchi Eddi Fisher bilan turmush qurdi.

Bir necha yil o’tgandan so’ng oddiy ishchi, quruvchi Larri Fortenskiga tegdi. Bu rishtalar uzoqqa cho’zilmadi.

Lekin Elizabet sodiq do’st edi. Taniqli kino yulduzlari Montgomeri Klift va Rok Xadson bilan yaqin edi. Aktrisa bu ikki aktyor gomoseksual ekanini bilar, ammo u paytlar bu haqda ochiq gapirish yo’q edi.

Aktrisaning 2007 yilda olingan rasmi. Sakkiz marta turmush qurgan aktrisadan to'rt farzand, 10 nabira va to'rt evara qoldi. Qolaversa, jahon kino xazinasidan eng to'ridan joy olgan o'nlab fusunkor filmlar.

Rok Xadson SPIDga chalinib vafot etgach, aktrisa bu dardni yengishga qaratilgan kampaniya boshladi.

“Amerika xalqiga xos hislat bor. Biz har dardni yengib kelamiz”, - derdi Elizabet Teylor.

Mashhur qo’shiqchi Maykl Jeksonni ham og’ir damlarda qo’llab yubordi. Aktrisa pop yulduzining eng yaqin do'sti, sirdoshi edi.

Aktrisaning liboslari, taqinchoq va zeb-ziynat to’plami tillarda doston. SPIDga qarshi kurash yo’lida ko’pini xayriyaga sarfladi.

Elizabet Teylor ko’p sinovlarni boshidan kechirdi, shuhrat cho’qqisini bir necha bor zabt etdi.

Aktrisani Gollivudning "shoh asari" deb atashar edi. Yulduzning vafoti bilan butun bir davr poyoniga yetdi.

Sakkiz marta turmush qurgan aktrisadan to'rt farzand, 10 nabira va to'rt evara qoldi.

Qolaversa, jahon kino xazinasidan eng to'ridan joy olgan o'nlab fusunkor filmlar.