Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anning aytishicha, telefon orqali AQSh rahbari Donald Tramp bilan muloqotda chegara bo'ylab Suriya hududida xavfsiz zona yaratish masalasi muhokama qilingan.
O'tgan oy AQSh askarlarini Suriyadan butunlay olib chiqishini e'lon qilgan Tramp 13-yanvar kuni "Twitter" orqali Turkiya bilan chegarada xavfsiz zona yaratilishini tilga olgan edi. Shundan so'ng ikki davlat rahbarlari telefon orqali muloqot qilgan.
"Turkiya chegarasi bo'ylab biz tashkil qiladigan xavfiz zona masalasini Obama davridan beri tilga olib kelaman. Tramp uning 20 milya bo'lishini aytdi", - dedi Erdog'an Parlamentga qilgan murojaatida.
Keyinroq u bu hududning yanada kengaytirilishi mumkinligini aytdi, ammo qancha bo'lishi haqida aniq ma'lumot bermadi.
AQSh askarlari hududni tark etishi bilan Turkiya Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni o'z qo'liga olishini aytgan edi. Lekin kurdlar masalasida Anqara va Vashington o'rtasidagi kelishmovchilik vaziyatni chigallashtirmoqda.
Kurdlarning YPG guruhi "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda AQShning Suriyadagi asosiy hamkori bo'lib kelgan. Turkiya uni terrorchi tashkilot deb biladi va taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasiga aloqadorlikda ayblaydi.
Tramp va Erdog'an o'rtasida kechgan telefon muloqotidan biroz avval AQSh rahbari Turkiyani, agar kurdlarga hujum qilsa, iqtisodiy bo'hronga tushirishi bilan qo'rqitgan edi.
Erdo'ganga ko'ra, u Trampning bu gaplaridan xafa bo'lgan, ammo keyinroq amalga oshirilgan telefon muloqoti ijobiy kechgan.
Trampning Turkiya iqtisodiyotini yakson qilish haqidagi tahdidi sarmoyadorlarni ham cho'chitib yubordi. Dushanba kuni liraning qiymati 1,6 foiz pastladi. Erdog'anning aytishicha, muloqotda o'zaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash masalasi ham gaplashilgan.
"Huquqlarimiz va qonunlarimiz hurmat qilinar ekan, Turkiya ittifoqchilik ruhi asosida bu masalani hal etish uchun qilishi kerak bo'lgan ishlarni bajarishda davom etadi. Kecha biz Tramp bilan tarixiy anglashuvga erishdik", - dedi Tramp.