O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning yaqinda G’arbga qilgan safari, Bryusselda Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlari bilan kechgan muzokaralar fuqaro jamiyati vakillari, xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan tanqid bilan kuzatildi.
Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso va NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen O’zbekiston prezidenti bilan muloqotda respublikada huquq va erkinlik bilan bog’liq ahvolni yaxshilash kerak deb aytgan.
Lekin tomonlar asosan xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik haqida gaplashgan.
Buning ajablanarli tomoni yo’q, deya tushuntiradi Belgiya va Fransiyada ilmiy izlanishlar olib borib, yaqinda siyosiy fanlar bo’yicha doktorlik ishini yoqlagan Iqbol Qoraboyev.
Yevropa iqtisodiyoti oxirgi yillarda qanchalik jabr chekkan bo’lmasin, yirik xususiy kompaniyalar moliyaviy qudratini saqlab qolgan, deydi o’zbekistonlik olim.
Agar zarur sharoit yaratib berilsa va O’zbekiston “sarmoya qilishga arzigulik mamlakatmiz” deya ularni ishontira olsa, bunday hamkorlikdan aholi katta naf ko’rishi mumkin, deya fikrlaydi Iqbol Qoraboyev.
Tadqiqotchi "Amerika Ovozi" bilan muloqotda global siyosiy maydondagi bugungi tendensiyalar, xalqaro munosabatlar ortidagi omillar va buning O’zbekistonga taalluqli jihatlarini sharhlab berdi.
“Birinchidan, bu albatta siyosiy va xavfsizlik vaziyatidan kelib chiqib bo’lgan uchrashuv. Chunki dunyoda nafaqat O’zbekiston yoki Yevropa Ittifoqi balki Amerikada bo’lsin, Afrikada bo’lsin, Osiyo kontinentida bo’lsin, davlatlarni o’ylantirib qo’ygan birinchi muammolardan biri bu xavfsizlik",- deydi Qoraboyev.
"Afg’oniston, terrorizm, narkotiklar va boshqa faktorlar… Ikkinchi sababi – energiya resurslari va manbalari, Kaspiy atrofidagi va umuman Markaziy Osiyoning gaz, neft va uran boyliklarining kelajagi haqida ketayotgan bahs va muzokaralar".
Olim nazarida umumiy vaziyatning yana bir jihati ideologik bo’lib, traditsional siyosatning qaytib kelishidir.
Iqbol Qoraboyev buni shunday tushuntiradi:
"Yaqingacha, ayniqsa 1990-yillardan keyin dunyo siyosiy diskursida hukmron bo’lgan tushunchalar bu inson huquqlari, xalqaro normalar, xalqaro institut va qurilmalar, ularga ixtiyoriy yoki majburiy tarzda bo’ysunish haqidagi bahslar edi.
Mamlakat o’zining ichki va tashqi siyosatini belgilayotganda inson huquqlari, BMT va boshqa xalqaro talablarga amal qilishi kutilar edi. Lekin yaqindan beri eski usuldagi diplomatiyaning qaytib kelayotganini ko’rish mumkin.
Bu degani, realist siyosat. Ba’zilar buni realpolitik yoki realizm prinsiplariga asoslangan siyosat deb ta’riflaydi. O’zaro munosabatlar, muzokaralar faqat yoki asosan tashqi siyosat ustida bo’ladi. Bir-birining ichki ishiga aralashmaydi.
Masalan Amerika va Yevropa Ittifoqi Afrika va Osiyodagi avtoritar xarakterga ega davlatlar bilan borgan sari katta-katta loyihalarni boshlayapti. Ichki vaziyat, inson huquqlari bilan bog’liq ahvol bunga to’sqinlik qilmayapti.
Oldin Yevropa ham, Amerika ham post-Sovet davlatlarida fuqaro jamiyati vakillari bilan aloqa o’rnatishga ahamiyat berayotgan edi. Keyingi 2-3 yilda to’g’ridan-to’g’ri hukumat vakillari bilan aloqaga birlamchi ahamiyat berib kelishyapti.
O’zbekiston prezidentini Bryusselda eng yuqori darajada kutib olishdi, yuqori darajada uchrashuvlar bo’lib o’tdi. Karimov Yevropa komissiyasi prezidenti va NATO rahbari bilan uchrashdi".
O’zbekiston, Iqbol Qoraboyev tahlilicha, bu uchrashuvga oldingi yillarga qaraganda salmoqliroq xalqaro siyosiy kapital bilan keldi. Mamlakatning keyingi yillarda o’ziga yarasha obro’si oshdi. Bunda ayrim faktorlar katta rol o’ynadi.
"Birinchisi, 2010 yil iyun oyida Qirg’iziston janubida bo’lib o’tgan qonli voqealarga O’zbekiston hukumati bosiq holda javob bergani xalqaro hamjamiyat tomonidan yaxshi kutib olindi.
Ikkinchidan, O’zbekiston Afg’onistonda nafaqat tranzit davlat sifatida rol o’ynayapti, balki unga turli sohalarda yordam berishga kirishgan.
Bir-ikki yil ichida Osiyo Taraqqiyot Banki va boshqa xalqaro tashkilotlarning Afg’onistonda olib boradigan proyektlarini O’zbekiston bajaradigan bo’ldi. Masalan temir yo’l qurish va boshqa sohalarda.
Uchinchi faktor esa bu xalqaro iqtisodiy krizis kontekstida O’zbekistonning chegaralangan bo’lsa-da, o’ziga xos ko’rsatkichlar bilan kelishidir.”