Feysbuk raqobatga doir qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada monopoliyani nazorat qiluvchi organlar va 40 dan oshiq shtatlar Feysbuk (Facebook) kompaniyasini raqobatni bo’g’ishda ayblamoqda. Dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq sudga berildi.

“Feysbuk kichiqroq raqiblarini ezish uchun qariyb 10 yildan buyon monopollik kuchidan foydalanib kelmoqda”, - deydi Nyu-York bosh prokurori Letitiya Jeyms.

AQSh Federal savdo komissiyasi va 48 shtat bosh prokurorlarining sud da’vosida Feysbukni parchalash so’raladi.

“Kompaniya iste’molchilar uchun tanlovni kamaytirdi, innovatsiyani bo’g’di, millionlab odamning shaxsiy ma’lumotlari himoyasini susaytirdi”, - deydi Jeyms.

Buni ham ko'ring "Facebook" va "Twitter" rahbarlari Senatda ko'rsatma berdi

Feysbuk noqonuniy xatti-harakatlarda ayblanmoqda.

“U o’ziga raqib deb bilgan kompaniyalarni sotib olgan yoki ixtiyoridagi ma’lumotlardan qurol sifatida foydalanib, bozordan chetlashtirishga harakat qilgan”, - deydi Ochiq bozor institutidan Selli Xabbard.

Feysbuk “WhatsApp” va “Instagram” ilovalarini sotib olgani bunga misol, bularni Feysbukdan ajratish kerak, deydi da’vogarlar. Feysbuk sud ishini “tarixni orqaga qaytarishga harakat” deya baholab, har ikki kompaniyani sotib olishga AQSh va Yevropada ruxsat berilganini qayd etmoqda.

“Monopoliyaga qarshi sud ishida ishlab chiqarish hajmi pasaygani, narx-navo oshgani, sifat yomonlashganini ko’rsatish kerak. Bu esa qiyin masala, chunki “Instagram” sotib olinganidan keyin ham faoliyati jadal davom etyapti, mijozlari soni oshayapti”, - deydi Jorj Meyson universitetida huquqshunos Jon Yun.

Biroq, deydi tanqidchilar, ushbu gigant kompaniya katta hajmdagi ma’lumotlarni nazorat qilar ekan, uni tekshirish vaqti kelgan.

Buni ham ko'ring Yuzlab kompaniya "Facebook"ni boykot qilmoqda

“Foydalanuvchilar Feysbuk ularning ma’lumotini ekspluatatsiya qilayotgani, platforma dezinformatsiya manbai ekanidan norozi. Raqobatchisi bo’lsa, Feysbuk xizmatlarini yaxshilagan bo’lardi”, - deydi “Ijtimoiy bilim” nohukumat tashkiloti vakili Sharlot Slayman.

Tashkilot ushbu sohani tartibga soladigan maxsus idora barpo etishni taklif qilmoqda.

“Ushbu kompaniyalar iqtisodda muhim rol o’ynasa-da, ularni nazorat qiluvchi organ yo’q. Bu ishni hozir Kongress, monopoliyaga qarshi qonunlar ijrosini kuzatuvchi idoralar bajaryapti. Bu yetarli emas”, - deydi Slayman.

Muvaffaqiyatli sud ishi butun dunyo bo’ylab aks-sado beradi, deydi Bill Kovasik, AQSh Federal savdo komissiyasi sobiq rahbari.

“Bu global tarmoq foydalanuvchilariga tanlash imkonini beradi, raqobatni kuchaytiradi. Bu esa kutilmagan tarzda innovatsiyalarga yo’l ochadi”, - deydi u.

2,7 milliard foydalanuvchisiga ega Feysbuk yaqin orada faoliyatida hech qanday o’zgarish bo’lmasligini bildirdi.