Suriyada yaqinidan ayrilgan afg'onlarga Erondan yordam

  • Amerika Ovozi

Suriya

Suriyadagi janglarda halok bo'lgan shia afg'onlarning oilalari Eron hukumatidan moddiy va moliyaviy madad olmoqda.

Bu hafta 30 ta uy bu oilalarga taqdim etilib, islomiy respublika ularga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Shia afg'onlar eronlik jangchilar orasida, Suriya armiyasi safida, adolat va tinchlik uchun kurashmoqda, deya bildiradi Tehron rasmiylari.

Eron hukumati afg'on qochqinlarini bu urushga ochiq jalb etib, ularni musulmon birodarlar manfaati yo'lida xizmat qilishga undab keladi. Jonini fido qilganlarning yaqinlari munosib taqdirlanadi.

Suriya rahbari Bashar al-Assad

Afg'oniston hukumati va inson huquqlari tashkilotlari Tehronning bu siyosatini qoralab keladi. Afg'on jangchilar Hizbulloh kabi terror guruhlariga qo'shiladi. Inqilobiy gvardiya safiga ham olinganlar ko'p.

Minglab afg'onlar Fatimiyon Brigadasi degan yirik qo'shinga kiradi. Bu brigada asosan qochqinlardan tashkil topgan. 10-12 ming askarga ega. Iqtisodiy yetishmovchilik, nochorlik odamlarni bu ishga yetaklaydi, deya qayd etadi "Human Rights Watch" huquq tashkiloti.

Eronda uch millionga yaqin afg'on yashaydi. Ularga rasmiy maqom berilmagan va aksariyati noqonuniy immigrant hisoblanadi. 950 ming afg'on Eronda qochqin deya tamg'alangan, lekin ularga yordam cheklangan.

Afg'on qochqinlar

Tehron Suriyaga qo'shin yuborar ekan, ularning asosiy vazifasi shia dargohlarni, muqaddas qadamjolarni himoya qilish, deya e'lon qilgan. Eron uzoq yillardan beri davom etayotgan urushda Suriya hukumatini quvvatlaydi.

Astan Quds Razaviy jamg'armasi bir necha milliard dollarlik fond bo'lib, badavlat oilalar va yirik sanoatlardan moliya yig'adi. Mablag' hozirda Suriyadagi jangchilar va ularning oilalari uchun sarflanmoqda.

Shu kungacha urushda qancha afg'on o'lgani aniq emas, 600-1000 atrofida deya taxmin qilinadi. Islomiy respublika olib borayotgan propaganda samara bermoqda, chunki yosh afg'onlar, asosan Eronda katta bo'lgan avlodlar, bugun jon deb Suriyaga otlanmoqda. Ular askar bo'lishni, shia sharafi uchun kurashishni muqaddas burch deb biladi.

Afg'onistonda siyosatchilar va boshqaruv Eronni bu siyosatdan qaytishga, qochqinlarni harbiy maqsadlarga qo'llamaslikka undab keladi.

Tehron tutgan yo'l mazhablararo nifoqni kuchaytirmoqda, deydi afg'on arboblar, shu bilan birga Eronning mintaqadagi qudratini ham oshirmoqda. Qo'shni davlatlarda unga nisbatan qo'rquv bugun har qachongidan yuqori, deydi ekspertlar.

Eron tomonidan quvvatlanadigan Hizbulloh terror guruhi safida afg'onlar ko'p