Komediya janridagi ijod, askiyachilik bilan asosan erkaklar shug’ullanar edi. Hozirda bu sohada ayollar ham ko’paygan. Ulardan biri - falastinlik Syuzi Afridiy. Feminist, o’zga din vakili bilan turmush qurgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Syuzi Afridiy Nyu-Yorkda yashaydi. Uning bolaligi Iordan daryosi bo’yida o’tgan. Askiyalar mavzusini o’z xotiralaridan oladi.
“Bolalarcha kuzatuvlarim boshqalarga doim kulgili tuyulardi. Bir kuni singlimga “isroilliklar mana bu uyni buzib kirishibdi-yu, mebellarni olib ketmabdi, yur kirib “qidirmachoq” o’ynaymiz” deganimni eslayman”,- deydi u.
Syuzi Afridiy askiyachilik ijodini Amerikaga kelib, oila qurganidan so’ng boshlagan. Uning turmush o’rtog’i pokistonlik pashtunlardan.
“Erimga askiyachillikni o’rganmoqchi ekanimni aytganimda, “jonu-dilim bilan eshitardim, fikrlaringni dunyo eshitsin” deya, qo’llab-quvvatlagan”,- deydi u.
“Suratdagi onam… Ramallohda tushgan… ”, - deya eslaydi Syuzi Afridiy.
Afridiyning turmush o’rtog’i uni qo’llab-quvvatlasa-da, ota-onasi qizining musulmon yigitga turmushga chiqishini istamagan. Shuning uchun ham u, Amerikada yashashni afzal ko’radi.
“Uydagilarim, ota-onam meni oq qilmoqchi bo’lgan kun aniq esimda. Akalarimga “mendan voz kechmoqchi bo’lsangiz, bemalol, deganman. O’qimishli, ishli ayolman. Bu yigit bilan hayotim o’xshamasa yoki musulmon g’oyalarga ergashib boshqa ayolga uylanib olsa, hech qisi yo’q, ajrashamiz. Bolalarimni olib Pokistonga qochib ketolmaydiku. Amerika shunaqa davlatki, har bir insonda o’z kelajagini o’zi yaratish imkoni bor”,- deydi Afridiy.
Qiziqchi tanlagan yo’lidan afsuslanmaydi. “Musulmon yigitga turmushga chiqqanim uchun hech kim o’lib qolgani yo’q”, deydi u.
Boshdan kechirganlarini, qarindoshlarining qarshiligi, kichik Falastin ko’chalaridan Nyu-Yorkka qanday kelib qolgani haqida “SuzieSaysSo” blogida tanishib borish mumkin. Boshqalarni ham o’zligini topishga harakat qilishga undaydi.
“Bizning boshimizdan o’tayotgani arab, musulmon, falastinliklarga yetib borishi uchun omma oldiga chiqib gapirishni bilish muhim. Biz uchun terrorchilar gapirmoqda. Amerika axborot vositalaridan eshitasiz. O’zi qissamizni dunyo ahli bizdan tinglasin. Men o’z fikrimni askiyachilik orqali yetkazaman”, - deydi u.
Afridiy ayni damda kitob yozish va murabbiylik qilish bilan band.
Your browser doesn’t support HTML5