Hokimiyatga intilgan Ivanka Tramp oldida to'siqlar talay

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp qizi Ivanka bilan

Ivanka Tramp Oq uyda o'z ofisiga ega. Dunyo rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplasha oladi. Prezidentning eng ishongan odami va suyangan tog'i. Lekin bu qadar qarshilikka uchrayman deb kutmagan edi.

Davlat rahbarining katta qizi yaqingacha Tramp biznes imperiyasining boshida turgan shaxslardan biri edi. Endilikda bu roldan tushgan, rasman. Biroq otasi Donald Tramp singari unga ham ishonch past.

Omma nazarida Tramplar oilasi Oq uyni egallab, demokratik tizimga tahdid solmoqda. Tramp fuqaro ovozi bilan prezidentlikka saylangan. Uning qizi, kuyovi, o'g'lilari va boshqa yaqinlariga hokimiyatda nima bor deb so'rayotganlar ko'pchilik.

Ivanka Tramp siyosiy tajribaga ega emas. Hozirgi nufuziga, milliarder degan maqomga, asosan otasining biznesi orqali erishgan.

"Qizim, boshqa farzandlarim kabi qattiq mehnat qilgan, erkatoy emas. Yoshligidan tirishqoq bo'lgan, intilgan",- deya maqtaydi Prezident Tramp Ivankani.

Mayli, unda oldingi ishini qilaversin; nima uchun hokimiyatdan o'rin berildi unga? Nafaqat oddiy amerikaliklar orasida, balki elita ichida shunday savollar yangramoqda.

Ivanka Trump eri Jared Kushner bilan, Oq uy

Ivanka federal hukumat xodimi sifatida yollangan, maoshsiz ishlaydi. Bu bilan aslida norozilikni pasaytirmoqchi bo'lgan Tramp endi undan-da qattiq qarshilik bilan yuzlashmoqda. Ivanka hech qanday yuqori maqomsiz va u bilan keladigan mas'uliyatsiz hukumat tepasida bo'ladi. Maosh olmagani uchun uning moliyaviy hujjatlarini ko'rish ham mumkin bo'lmaydi. Ya'ni, deydi etika bo'yicha mutaxassislar, sistemani chetlab o'tgan holda qizini oldidagi eng yaqin kursilardan biriga o'tkazgan.

Ivanka esa o'zini ko'ngilli xizmatchi deb tanishtirmoqda. Yordamchi. Hech qanday rasmiy lavozimga ega emasligini aytadi. Bu degani, qonunan, u biror nozik hujjatga nazar tashlay olmaydi, biror nozik yoki maxfiy masala muhokamasida ishtirok eta olmaydi va bu borada hech qanday ma'lumotga ham ega bo'lmasligi kerak. Biroq rasmiylar unga bu borada ruxsat berilishi mumkin, deya ishora qilgan.

"Otangiz prezident bo'lmaganida Oq uyda ishlay olmagan bo'lar edingiz, shundaymi"? Yaqinda jurnalistlar unga shunday savol bilan murojaat qildi.

"Ha, otam prezidentlikka saylanmaganida Vashingtonda ham bo'lmagan bo'lardim", - deya javob qildi Ivanka Tramp "Associated Press" axborot agentligiga.

Germaniya rahbari Angela Merkel va Ivanka Tramp, Oq uy, 17-mart, 2017

Shu paytgacha Amerikada prezident oilasi siyosatga aralashmagan. 1960-yillar boshida Jon Kennedi prezidentlik davrida uning ukasi Robert Kennedi Adliya vaziri bo'lgan. Buning uchun u Kongress tasdig'idan o'tgan.

Prezident rafiqalari Oq uyda muhim rol o'ynaydi lekin ularning bolalari odatda o'z ishi va o'qishi bilan mashg'ul bo'ladi.

Shu bois ham Ivankaning Oq uyda otasiga maslahatchilik qilayotgani amerikaliklarga diktatura va yakkahokimlikka xos uslublarni eslatmoqda. Nepotizm bu, deya qoralayotganlar ko'p.

Ivanka Tramp uchun ijtimoiy masalalar dolzarb va bu borada tashabbuslar bilan chiqib, o'z hissasini qo'shmoqchi, deydi uning atrofidagi odamlar.

U otasi singari keskin fikrlamaydi, aksincha uni to'g'ri yo'lga boshlashi mumkin, deya umid qilayotganlar bor. Lekin buning uchun prezident qizi Oq uyda o'tirishi shart emas, deydi qarshilar. Prezidentlikka otasi saylangan va u o'z ishi uchun javob beradi.

Oq uy

Ivanka Trampni himoya qilayotgan Kerri Lukas, Mustaqil ayollar tarmog'i degan tashkilot rahbari deydiki, prezident qizi 35 yoshida, uch bolaning onasi bo'la turib, boshqaruvda uzoq yillik malakaga ega. Yutuqlarga u otasi yordamida emas, tinimsiz mehnati orqali erishgan, deydi Lukas.

Ivanka Trampning eri Jared Kushner hozir prezidentning katta maslahatchisi.

Prezidentning rafiqasi Melaniya Tramp Nyu-Yorkda yashaydi. Oq uyda u mezbonlik qilishi kutilgan tadbirlarni Ivanka Tramp o'tkazmoqda.

Uning tarafini olayotganlar ham, unga qarshilar ham bir narsani tan oladi: prezident qizi boshqalarga o'rnak bo'la olishi kerak. Ivanka Tramp bu borada maqtovga sazovor bo'lib kelgan. Zukko, odamlar bilan yaxshi muomalada va kelishib keta oladi. Biznes sohasida professional.

Biroq, deydi siyosatdonlar, bu sifatlar unga Oq uy eshiklarini so'zsiz ochmaydi.

Ivanka Tramp va uning oilasi Vashingonda shu uyda yashaydi. 5 million dollarlik koshona.