AQSh saylovchisi xorijiy siyosiy ta'sir ostidami?

  • Amerika Ovozi

Ohayo shtatida partiyaviy saylovlar, 3-may, 2022

AQSh saylov tizimi va saylovchilari xorijdan bevosita tahdid ostida emas, deydi mutasaddilar, ammo ularning ongiga ta'sir qilishga urinayotgan kuchlar bor, xususan Rossiya va Xitoyda. Amerika rasmiylari deydiki, Moskva va Pekin turli yo'llar orqali AQSh saylovchilarini qo'rqitishga, ularning tizimga nisbatan ishonchini so'ndirishga harakat qilmoqda.

Oldingi saylovlar arafasida chetdan shunday aralashish kuzatilgan edi, deydi ekspertlar, ammo jarayonni buza olmagan. Gap bu yerda asosan kiber xurujlar haqida ketmoqda.

Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, amerikaliklar bu borada xavotirlanmasligi lozim.

“Yirik xurujlar kuzatilayotgani yo'q", - deya bildiradi agentlik.

Maxsus agentlar tushuntirishicha, Rossiya, Xitoy va Erondan Amerika ovoz berish tizimiga o'tgan yillarda xurujlar qilingan va asosiy maqsad - fuqaroning aqliga g'ulg'ula solish, uning Amerika siyosiy sistemasiga shubha bilan qarashini ta'minlash.

Federal Qidiruv Byurosi bosh idorasi, Vashington

Bu hujumlar va kampaniyalar turli shakllarda bo'lishi mumkin. Masalan, yaqinda Rossiya davlat media vakillari Amerikada elektron ovoz berish mashinalari bemalol manipulyatsiya qilinishi mumkinligi haqida "axborot" tarqatgan.

Amerika rasmiylari ta'kidlashicha, bunday "ma'lumotlar" Rossiya Ukraina yerlarini tortib olish uchun o'tkazgan referendum paytida kuchaygan.

"Ular Amerika demokratiyasi haqiqatga asoslanmagan degan qarashni yoyib, Rossiya o'z qora ishlarini oqlash ilinjida", - deyiladi Amerika rasmiy izohida.

“Rossiya bu kabi narsalarni ingliz, yapon, italyan va ispan tillarida ham tarqatmoqda".

"Amerika Ovozi" bu masalalar yuzasidan Rossiya, Xitoy va Eron diplomatlariga murojaat qilganida javob olmadi.

RT va "Sputnik" singari media orqali Rossiya hukumati Amerika tizimini azaldan qoralab keladi.

Federal Qidiruv Byurosi nazarida bunday kampaniyalar bilan Kreml o'z qilmishlarini shu yo'l bilan yopishga urinadi.

Idora aniqlashicha, Rossiya bu ishda nafaqat o'z kuchlaridan, balki chet eldagi hamkorlardan ham foydalanmoqda va dunyo bo'ylab, mutaxassislar yollamoqda.

Rossiya va Xitoyning maxfiy operatsiyalari azaldan o'xshash, deydi Amerika maxsus agentlari

Xitoy ham bunday taktikalarni ishga solib keladi. 2020-yilgi prezident saylovi paytida Pekin o'z propagandasini olib borishga harakat qilgan, ammo pirovardida bu yo'ldan qaytgan, chunki AQSh razvedkasi bu haqda bilib qolgan, deydi rasmiylar.

Shu yili Xitoy maxfiy xizmati AQShda Kongressga saylanishga bel bog'lagan xitoylik amerikalikning targ'ibot ishlarini buzishga uringani aniqlangan.

Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, 2020-yilda Eronning AQSh saylovchilari ro'yxatini qo'lga kiritishga uringan. Tehronning maqsadi amerikaliklarga soxta ma'lumotlar yo'llab, ularni tizimga qarshi qayrash bo'lgan, deydi maxsus agentlar.

Eron Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni "asossiz" deb inkor etgan.

“Eron meni eng ko'p xavotirga soladigan tomon", - deydi Kim Vayman, AQSh Kiberxavfsizlik va infrastruktura xavfsizligi agentligi katta maslahatchisi.

"Bu yilgi saylovlarda ham Tehron kuchlari yana bizga qarshi xurujlar qilishi mumkin".

Amerika hukumati tizim ham, saylovchining irodasi va ishonchi ham mustahkam, deya qanchalik bong urmasin, ularni himoya qilish kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda.

“Odamlarga soxta axborot berib, ularga ma'naviy ta'sir qilish qiyin emas va bu hukumatlar bu ishning eng ustalari", - deydi Konni Utoff, Jorj Vashington universitetida kiberxavfsizlik va informatsiya boshqaruvi markazi eksperti.

Amerika saylovchisi va ovoz berish tizimi himoya qilinadi, deydi mutassaddilar

“2021-yilning 6-yanvaridagi voqealardan keyin Amerika ahlini sizning davlatingiz zaif va ishonchsiz deya avrash osonlashgandek”, - deya mulohaza yuritadi Glenn Gerstell, AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq yuristi.

"Fuqaroni tizimga qarshi qo'zg'ashda xorijiy siyosiy ta'sirgina muhim rol o'ynagan, demagan bo'lar edim. Ichki omillarga e'tibor berish kerak", - deydi u.

Federal Qidiruv Byurosi tahlilicha ham bir tashqi siyosiy kuch amerikaliklarni zo'ravonlikka undayotgani yo'q.

Byuroga ko'ra, avvalo saylov xizmatchilari himoya qilinishi kerak. O'tgan bir yil mobaynida 1000 dan ortiq holatda ularga tahdid qilingan. To'rt kishi hibsga olingan.

Tahdidlarning aksariyati Arizona, Kolorado, Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya, Nevada va Viskonsin shtatlarida kuzatilgan.